Yetim bolalarni uy-joy bilan ta’minlash qaysi holatda rad etiladi?
Huquqiy munosabat
Davlatimiz rahbarining 2021-yil 9-avgustdagi “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, turar joyga ega bo‘lmagan va turar joyga muhtojlar sifatida hisobda turgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga ular 18 yoshga to‘lgandan keyin ko‘p kvartirali uy-joylardan turar joy ajratilishi belgilangan.

Qaysi holatlarda uy-joy berish rad etilishi mumkin?
Bu borada Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Imomali Tuyev quyidagicha tushuncha berdi:
– Xususan, uy-joy quyidagi toifadagi, o‘z nomida turar joyi bo‘lmagan shaxslarga beriladi:
Yetim bolalar, jumladan, ota-onasi vafot etgan yoki vafot etgan deb e’lon qilingan bolalarga, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, xususan, ota-onasi ota-onalik huquqidan mahrum qilingan, muomalaga layoqatsiz deb topilgan, bedarak yo‘qolganda beriladi.
Ammo, jarayonda quyidagi holatlar aniqlansa, shaxsni uy-joy bilan ta’minlash navbatiga qo‘yish rad etiladi yoki rad etish uchun asos bo‘ladi.
Jumladan, mulk huquqi mavjudligi bo‘lganda. Agar shaxsning nomida davlat ro‘yxatidan o‘tgan yashash uchun yaroqli xususiy uy-joyi mavjud bo‘lsa, maqomning tasdiqlanmasligi, ya’ni yetimlik yoki ota-ona qaramog‘idan mahrumlik faktini tasdiqlovchi rasmiy hujjatlar, xususan, sud qarori, guvohnomalar mavjud bo‘lmasa uy-joy berish rad etiladi.
Shuningdek, tizimga kiritish muddati 23 yoshgacha etib belgilangan bo‘lib, agar shaxs 23 yoshga to‘lgan bo‘lsa va shu vaqtga qadar "onlayn-navbat" tizimiga kiritilmagan bo‘lsa, tuman (shahar) komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish natijasida shaxsning yashash uchun boshqa yaroqli joyi borligi aniqlanganda ham uy-joy berilishi rad etiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari uy-joyga muhtoj yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ular muqobil joylashtirish shakllarida bo‘lish hamda o‘quv-tarbiya muassasasida tarbiyalanishi muddatining tugashidan bir yil avval uy-joyga muhtojlar sifatida “onlayn-navbat” axborot tizimiga kiritadi.
Uy-joyga muhtoj bo‘lgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar muddatidan avval ham “onlayn-navbat” axborot tizimiga kiritilishi mumkin.
Muddatida “onlayn-navbat” axborot tizimiga kiritilmay qolib ketgan, uy-joyga muhtoj bo‘lgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar ular 23 yoshga to‘lguniga qadar “onlayn-navbat” axborot tizimiga hududiy boshqarmalarning xulosasiga asosan kiritiladi.
Uy-joylar mazkur shaxslar 18 yoshga to‘lgandan keyin ajratiladi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA