Samarqandda xalqaro forum va yoshlar sammiti o‘tkaziladi
2026-yil 20-21-aprel kunlari Samarqand shahrida BMT Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi bilan hamkorlikda “Transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish: salomatlik, xavfsizlik va barqaror rivojlanish” mavzusida global forum bo‘lib o‘tadi.
2026-yil 20-21-aprel kunlari Samarqand shahrida BMT Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi bilan hamkorlikda “Transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish: salomatlik, xavfsizlik va barqaror rivojlanish” mavzusida global forum bo‘lib o‘tadi.
Forumni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad:
narkotiklarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish;
ilg‘or xalqaro tajribani tizimli o‘rganish va amaliyotga joriy etish;
zamonaviy narkotahdidlarga qarshi kompleks yondashuvlarni ishlab chiqish;
giyohvandlikka qarshi kurashda davlatlararo va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.
Tadbirda:
Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Interpol, Yevropa Ittifoqi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Jahon bojxona tashkiloti hamda shu kabi boshqa 20 dan ortiq nufuzli xalqaro tashkilotlar,
50 ga yaqin davlatdan huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari,
500 ga yaqin xalqaro ekspertlar va soha mutaxassislari ishtirok etishi kutilmoqda.
Shuningdek, forum doirasida yoshlar sammiti tashkil etilib, unda yoshlar o‘rtasida giyohvandlikning oldini olish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish hamda ularning global muammolar yechimida faol ishtirokini ta’minlash masalalari muhokama qilinadi.
Forum davomida:
narkotik vositalar noqonuniy aylanmasining global va mintaqaviy tendensiyalari;
yoshlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasida profilaktika tizimini takomillashtirish;
davolash, reabilitatsiya va ijtimoiy reintegratsiya jarayonlarini rivojlantirish;
raqamli texnologiyalar hamda sun’iy intellektdan samarali foydalanish masalalari atroflicha ko‘rib chiqiladi.
Mazkur forum:
xalqaro va mintaqaviy darajada samarali hamkorlik mexanizmlarini kengaytirish,
narkotahdidlarga qarshi kurashishda yagona yondashuvlarni shakllantirish,
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.