O‘zbekiston jahon matbuoti sahifalarida
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar ichki taraqqiyotni rag‘batlantirish barobarida mamlakatimizning xalqaro maydondagi o‘rni va nufuzini ham mustahkamlamoqda. Shu bois ko‘plab yetakchi xorijiy ommaviy axborot vositalari yurtimizda iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, ochiq va pragmatik tashqi siyosat yuritish, investitsiya va turizm uchun qulay muhit yaratish kabi ustuvor yo‘nalishlarda olib borilayotgan faol sa’y-harakatlarga e’tibor qaratmoqda.
Jahon matbuoti diyorimizdagi yangilanishlarni turli rakursdan tahlil qilar ekan, respublikamizning barqaror rivojlanish modeliga alohida urg‘u bermoqda.
Azerbaijan News: Strategik sheriklik yangi bosqichga chiqmoqda
“Azerbaijan News” nashri O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar tobora mustahkamlanib, strategik sheriklik mazmuni bilan boyib borayotganini yozgan. Maqolada ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy muloqot juda faollashgani, iqtisodiy va gumanitar aloqalar kengayib borayotgani qayd etilgan.
Muallif fikricha, o‘zaro ishonchga asoslangan bunday sheriklik nafaqat ikki tomonlama munosabat, balki butun mintaqa barqarorligi uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.
The Economic Times: “O‘zbekiston-2030” – uzoq muddatli taraqqiyot yo‘li
Hindistonning “The Economic Times” nashri mamlakatimizda qabul qilingan “O‘zbekiston-2030” strategiyasi keng qamrovli islohotlar dasturi sifatida baholangan maqola chop etdi. Muallif ushbu hujjatda iqtisodiy o‘sish sur’atini oshirish, xorijiy investitsiya oqimini jadallashtirish va sanoatni yuqori bosqichga olib chiqish asosiy maqsad sifatida belgilanganiga alohida e’tibor qaratgan.
Shu bilan birga, materialda ijtimoiy himoyani kuchaytirish, kambag‘allikni qisqartirish va ekologik barqarorlikni ta’minlash kabi dolzarb yo‘nalishlar ham dasturning muhim qismi ekani qo‘shimcha qilingan.
Kazpravda: Islom sivilizatsiyasi markazi – xalqaro e’tirof namunasi
Qozog‘istonning “Kazpravda” nashri O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Ginnes rekordlari kitobiga kiritilganini mamlakat madaniy hayotidagi muhim voqea sifatida baholadi.
Shu mavzudagi materialda mazkur majmua nafaqat nodir merosni jamlagan markaz, balki ilmiy tadqiqotlar va ma’naviy qadriyatlarni targ‘ib etuvchi nufuzli maskan sifatida ham o‘ziga xos ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlangan. Bunday global loyihalar mamlakatimiz madaniy diplomatiyasining ulkan salohiyatini namoyon etayotganiga e’tibor qaratilgan.
News Central Asia: O‘zbekiston – xavfsiz va ochiq diyor
“News Central Asia” nashri O‘zbekistonni mintaqadagi xavfsiz va ochiq sayyohlik yo‘nalishi sifatida tavsifladi. Maqolada mamlakatimiz turizm infratuzilmasi jadal rivojlanayotgani, viza tartibi izchil yengillashtirilayotgani va sayyohlar uchun yanada qulay sharoit yaratilayotgani qayd etilgan.
Ayniqsa Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar, boy madaniy merosimiz va azaliy mehmondo‘stlik muhiti yurtimizning xorijliklar uchun jozibadorligini yanada oshirayotgani ta’kidlangan.
Dilshod Hakimov, O‘zA