Eron parlamenti spikeri Tramp bayonotlarini tanqid qildi
Eron parlamenti spikeri Muhammad Bag‘ir G‘olibaf AQSH - Eron ziddiyati bo‘yicha Islomobodda bo‘lib o‘tgan so‘nggi muzokaralardan so‘ng Donald Tramp bayonotlariga nisbatan keskin munosabat bildirdi.
Uning aytishicha, Oq uy rahbari bir soat ichida yetti marta haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan da’volarni ilgari surgan.
G‘olibaf shuningdek, agar Qo‘shma Shtatlar tomonidan amalga oshirilayotgan blokada siyosati davom ettirilsa, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Hurmuz bo‘g‘ozi “ochiq qolmasligi”ni qat’iy ta’kidladi. Ushbu bayonot Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchining Hurmuz bo‘g‘ozi orqali barcha tijorat kemalari erkin harakatlanishi mumkinligi haqidagi fikrlari ichki konservativ doiralarda tanqidga uchragan bir paytda yangradi.
Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Baqoiy bo‘g‘ozdagi tartiblar ijtimoiy tarmoqlardagi bahslar emas, balki amaldagi vaziyatdan kelib chiqib belgilanishini ma’lum qildi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA