Global ta’lim hamkorligi: yangi bosqich va istiqbollar
Jahon miqyosida ta’lim sifatini oshirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biriga aylangan. Shu nuqtai nazardan, YUNESKO tomonidan tashkil etilayotgan “2026-yilgi Global ta’lim monitoringi (GEM)” tadbirlari muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ushbu nufuzli anjumanda O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari ham faol ishtirok etmoqda.
YUNESKO Bosh ofisida o‘tkazilayotgan mazkur tadbir doirasida maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova ishtirokida qator muhim uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Jumladan, YUNESKO Bosh direktorining ta’lim bo‘yicha o‘rinbosari Stefaniya Jannini bilan Toshkent shahrida II-toifali YUNESKO markazini tashkil etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” muhokama qilindi. Unda xalqaro ekspertlar missiyasini jalb qilish, qo‘shma konferensiyalar o‘tkazish hamda pilot loyihalarni amalga oshirish kabi takliflar ilgari surildi.

Shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasi ta’lim vaziri Syuyay Jinpin bilan maktablar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish, o‘quvchilar almashinuvi dasturlarini yo‘lga qo‘yish, sun’iy intellekt sohasida hamkorlik qilish va pedagog kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.

Anjuman doirasida Turkmaniston ta’lim vaziri Jummamirat Gurbangeldiyev bilan o‘tkazilgan muloqotda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, ayniqsa, fan olimpiadalari va o‘quvchilar almashinuvi bo‘yicha tajriba almashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ozarbayjon fan va ta’lim vaziri o‘rinbosari Hasan Hasanli bilan maktabgacha ta’lim, o‘qituvchilar almashinuvi, shuningdek, STEM va sun’iy intellekt yo‘nalishlarida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Tomonlar 2027–2030-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va imzolashga kelishib oldi.

Shu bilan birga, Saudiya Arabistoni rejalashtirish vaziri o‘rinbosari Saad bin Abdul G‘aniy al-G‘amdiy bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ta’lim sohasida qo‘shma dasturlarni ishga tushirish taklifi bildirildi. Ushbu tashabbus ijobiy qabul qilinib, kelgusida aniq mexanizmlar ishlab chiqish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishga kelishildi.
Umuman olganda, bu uchrashuvlar O‘zbekistonning nafaqat global, balki mintaqaviy ta’lim hamkorligini ham yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA