Janubda 135 ta jome masjidda Ramazon hayiti namozi ado etildi
Surxondaryo viloyatida Navro‘z olami bilan hamohang kelgan muborak Ramazon hayiti shodu xurramlik, shukronalik bilan keng nishonlanmoqda.
Bugun subhidamdan mo‘min-musulmonlar jome masjidlarida hayit namozini ado etib, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va mamlakatimiz taraqqiyoti uchun duoga qo‘l ochdi.


Termiz shahridagi Hakim Termiziy jome masjidida ham minglab yurtdoshlarimiz jam bo‘lib, bayram namozini o‘qidi. Namoz avvalida so‘nggi yillarda mamlakatimizda mo‘min-musulmonlarning ibodat amallarini bajarishi uchun yaratilgan sharoitlar, Ramazon hayiti va uning fazilatlari, bayramni nishonlash tartib-taomillari, yurtimizda tinchlik va totuvlikni asrash, mehr-oqibat va insonparvarlik fazilatlarini yuksaltirish, milliy va ma’naviy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, xayr-saxovat ishlarini kengaytirishning ahamiyati haqida atroflicha so‘z yuritildi. Inson qadrini ulug‘lashga qaratilayotgan yuksak e’tibor samaralari qayd etildi.


Viloyatdagi 135 ta jome masjidida 200 mingdan ortiq namozxon muborak va fayzli kun ibodatini shukronalik hissi bilan ado etdi. Vatanimizga tinchlik-to‘kinlik, xonadonlarga xotirjamlik, qut-baraka tiladi.
Vohada hayit ayyomi munosabati bilan kam ta’minlangan, ko‘makka muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, yolg‘iz keksalar, yotib qolgan bemorlar holidan xabar olinmoqda. Xayr-saxovat tadbirlari o‘tkazilmoqda.


Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri