“Islom sivilizatsiyasi markazi tarix va bugun tutashgan maskan bo‘ldi” – Bahrom Abduhalimov
Prezident tashrifidan so‘ng...
Bugun yurtimizda tarixiy merosni asrab-avaylash va uni kelajak avlodga yetkazish masalasi ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylangan. Shu maqsadda barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat ilmiy-ma’rifiy maskan, balki xalqimizning boy o‘tmishini aks ettiruvchi muhim madaniy markaz sifatida e’tiborni tortmoqda.
Toshkent shahrining qadimiy Xasti Imom majmuasi yonida qad rostlagan ushbu mahobatli majmua to‘qqiz yil davomida bunyod etildi.
Joriy yilning 17-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev markazga tashrif buyurib, bu yerda yaratilgan sharoitlar va boy ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdi.
– Islom sivilizatsiyasi markazida nafaqat tarixiy manbalar jamlangan, balki ularni chuqur o‘rganish va keng jamoatchilikka yetkazish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Majmua o‘z ichiga zamonaviy muzey, boy fondga ega kutubxona, noyob qo‘lyozmalar saqlanadigan bo‘lim hamda ilmiy-tadqiqot markazlarini oladi, – dedi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, tarix fanlari doktori, professor Bahrom Abduhalimov. – Muzey 9 ta asosiy bo‘limdan iborat bo‘lib, unda Islomgacha bo‘lgan davr, Islom dinining tarqalishi, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, ilm-fan va me’morchilik yutuqlari, shuningdek, “Yangi O‘zbekiston” taraqqiyoti kabi muhim bosqichlar yoritilgan. Har bir bo‘lim tashrif buyuruvchilarga tarixni jonli his etish imkonini beradi.
Mazkur markaz yurtimizning ilmiy salohiyatini namoyon etish bilan birga, yosh avlodni ajdodlar merosiga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Davomi quyidagi videoda:
https://youtube.com/shorts/1k7PUtpeoEQ?sMarhabo HOJIAKBAROVA,
Iskandar ISMATOV (video),
O‘zA