Xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekistonning o‘rnini yanada yaxshilash choralari ko‘riladi
Mamlakatimizda xalqaro reyting va indekslar bilan ishlashning samarali milliy tizimi shakllantirilib, ushbu yo‘nalishda parlament nazorati sezilarli darajada kuchaytirildi.
Har yili tayyorlanadigan Milliy ma’ruza doirasida davlat organlari faoliyati tahlil qilinib, amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligi baholanmoqda hamda qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqilmoqda.
Bu Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasining majlisida O‘zbekiston Respublikasining ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi o‘rni yaxshilanishi to‘g‘risidagi milliy ma’ruza muhokamasi jarayonida qayd etildi.

Raqobatbardosh bozor iqtisodiyotini barpo etishda muhim islohotlar amalga oshirilishi natijasida “Iqtisodiy erkinlik” indeksida 2025-yilda mamlakatimiz 2024-yilga nisbatan 6 pog‘ona yuqorilab, 100-o‘rinni egalladi.
“Iqtisodiy erkinlik” indeksining yo‘nalishidagi mulkchilik huquqi subindikatori 2024-yilda 32,9 ballni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilda ushbu ko‘rsatkich 33,5 ballga yetgan.
Mazkur ko‘rsatkichlar BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari, xususan, sanoatni rivojlantirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlari bilan uzviy bog‘liq ekani ta’kidlandi. Jumladan, O‘zbekiston Raqobatbardosh sanoat unumdorligi indeksida 153 davlat orasida 83-o‘rinni egallab, o‘z pozitsiyasini 5 pog‘onaga yaxshilagan.

Majlisda intellektual mulk sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, mualliflik huquqini muhofaza qilish muddati 50 yildan 70 yilga uzaytirildi. 2025-yil davomida 1 ming 257 ta’sir chorasi qo‘llanilib, 2 ming 608 intellektual mulk ob’ektiga bo‘lgan huquqlar himoya qilingan.
Muhokamalar davomida senatorlar tomonidan ustuvor reyting va indekslar bo‘yicha aniq maqsadli ko‘rsatkichlarni belgilash, mas’ul davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, sohaviy “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish va ular ijrosi ustidan tizimli monitoring o‘rnatish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.

N.Abduraimova, O‘zA