Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi – Yangi O‘zbekistonning durdonasi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga tashrifining ikkinchi kuni Payariq tumanida qaytadan bunyod etilgan Imom Buxoriy majmuasiga tashrif buyurdi.
Ziyoratgohning qoq markazida buyuk hadisshunos bobomizning tabarruk maqbarasi o‘rin olgan.
Davlatimiz rahbari maqbarani ziyorat qildi. Qur’on tilovat etilib, duo o‘qildi.
– Muborak Ramazon hayiti arafasida buyuk vatandoshimiz, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy hazratlarining ruhi poklariga yana bir bor hurmat-ehtirom bajo keltirmoqdamiz. Buxoriy bobomiz Qur’oni karimdan keyingi eng mo‘’tabar manba bo‘lgan hadislar kitobini yaratib, butun islom olamida shuhrat qozongan ulug‘ siymodir. Muqaddas zaminimiz dunyoga mana shunday mashhur allomani bergani bilan har qancha faxrlansak, arziydi.

El-yurtimizning fidokorona mehnati bilan bugun orzu-niyatlarimiz ro‘yobga chiqdi. Bu betakror ziyoratgohni Imom Buxoriy bobomizning olamshumul mavqeiga, yuksak maqomiga munosib darajada bunyod etishga muyassar bo‘ldik. Mana shunday tabarruk maskan barchamizga muborak bo‘lsin, – dedi davlatimiz rahbari.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Imom Buxoriy majmuasida yakuniga yetgan bunyodkorlik ishlari va yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Majmua davlatimiz rahbari tashabbusi bilan buyuk muhaddis bobomizning islom olamida tutgan yuksak mavqei, ulkan salohiyatiga munosib tarzda qaytadan bunyod etildi. Ziyoratchilarga har tomonlama qulay sharoit yaratildi.
Xususan, majmua qoshida turizm markazi ochildi. Yondosh 15 gektar maydonda zamonaviy infratuzilma yaratilib, shinam mehmonxonalar, xizmat ko‘rsatish va servis nuqtalari barpo etildi. Jumladan, 1 ta to‘rt yulduzli, 2 ta uch yulduzli mehmonxona, 22 ta 176 o‘rinli oilaviy mehmon uylari hamda avtoturargoh qurilgan. Mazkur ob’ektlar to‘liq kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlanib, hududida obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgan.

Natijada Imom Buxoriy majmuasi ilgari bir kunda 12 ming ziyoratchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, hozir kuniga 65 ming nafar ziyoratchini qabul qilish quvvatiga ega.
Majmuaning o‘zi Samarqandning, Yangi O‘zbekistonning durdonasi bo‘lib qad rostladi. Uning maydoni 45 gektarni tashkil etadi. 10 ming kishiga mo‘ljallangan ulkan masjid, ma’muriyat binosi, 154 ustunli, milliy uslubdagi muhtasham ayvon qurildi.
Majmua tarkibida eng ilg‘or axborot texnologiyalari asosida 9 pavilondan iborat noyob innovatsion muzey barpo etildi. U islom olamida muhaddislar sultoni deya e’tirof etilgan Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy merosi, islom ma’rifati rivojiga qo‘shgan hissasini namoyon etadi. Shuningdek, muzeyda Qur’oni karimda ismlari zikr qilingan 25 payg‘ambar tarixi, Muhammad alayhissalomning shajarasi, Makka va Madinadagi hayoti, hadislarning jamlanishi va yozilishi haqidagi ma’lumotlar joylashtirilgan.
Qadamjoda 14 ta moviy gumbaz, 75 metrlik 4 ta minora unga ulug‘vor qiyofa bag‘ishlab turibdi.

Davlatimiz rahbari turizm markazi va masjidda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
Ma’lumki, bir yarim ming yillik islom tarixini, ilm-ma’rifatini yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk olimu ulamolarning nomlarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Shu kunlarda rasman ochilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham bu haqiqatni yana bir bor tasdiqlaydi.
Butun musulmon olamida hadis ilmi haqida gap ketsa, hech shubhasiz, bizning diyorimiz birinchilar qatorida tilga olinadi. Chunki Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi buyuk hadisshunos olimlar aynan mana shu zamin farzandlaridir.
Xususan, Imom Buxoriyning “Sahihi Buxoriy” kitobi dunyoda tan olingan eng mo‘’tabar oltita hadis kitobining biridir. O‘n yoshidan boshlab hadis ilmini o‘rgangan alloma bobomiz 20 dan ortiq asar yozganlar. Ular to hanuz dinu diyonatimizni mustahkamlash yo‘lida islom ummatiga xizmat qilib kelmoqda.
Prezidentimiz har gal Samarqandga kelganida majmuaning qurilish jarayoni bilan tanishib, bu joy faqat ziyorat emas, ilm-ma’rifat, tarbiya va ibrat maskani bo‘lishi, Imom Buxoriyning buyuk izlanishlari, bilimi hamda kamoloti ziyoratchilar, ayniqsa, yoshlar uchun ezgu namuna bo‘lishi kerakligini ta’kidlagandi.

– Ushbu betakror qurilish Yangi O‘zbekistonning ulkan imkoniyatlarini yaqqol namoyon etadi. Ziyoratgoh xalqimiz uchun, jahondagi barcha musulmonlar uchun ezgulik va ma’rifat nurini taratadigan qutlug‘ maskanga aylanadi, deb ishonaman. Aminmanki, bu dargohni ziyorat qilib, uning ma’naviy muhitidan bahramand bo‘lgan inson, ayniqsa, yoshlar islom dinining asl ma’nosini anglab yetadi, to‘g‘ri yo‘ldan adashmaydi, – dedi Prezidentimiz.
Shuning uchun ham Imom Buxoriy majmuasida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni keng yo‘lga qo‘yish, uni chinakam tarbiya va ibrat maktabiga aylantirish, bu yerda imom-xatiblar, mahalla faollari uchun malaka oshirish dasturlarini kuchaytirish lozimligi ta’kidlandi.
Bu yerdagi barcha ishlar yakuniga yetganini hisobga olib, yangi qurilgan muhtasham masjidda Hayit namozini ado etish taklif qilindi, bu mo‘min-musulmonlarimiz, butun el-yurtimizning ko‘nglidagi ish, xalqimizga munosib Ramazon sovg‘asi bo‘lishi ta’kidlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev viloyatga tashrifi davomida Samarqand shahridagi Imom Moturidiy yodgorlik majmuasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbarining qaroriga muvofiq, o‘tgan yili yurtimizda aqida ilmining asoschisi Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155-yilligi keng nishonlandi. Shu munosabat bilan Samarqand shahridagi Chokardiza qabristoni hududida Imom Moturidiy majmuasini qayta ta’mirlash va obodonlashtirishga kirishilgandi.
Ayni paytda majmua va uning atrofida qurilish-obodonlashtirish ishlari davom etmoqda. Umumiy maydoni 10,2 gektar bo‘lgan hududda Imom Moturidiy majmuasi qayta qurilib, 250 o‘rinli masjid, kirish peshtoqi, ilmiy markaz, kutubxona, muzey va avtoturargoh bunyod etilmoqda.
Shuningdek, qurilish ishlari jarayonida Chokardiza qabristonida buyuk faqih Burhoniddin Marg‘inoniy dafn etilgan joy ham aniqlanib, bu yerda maqbara qurilmoqda.
Allomalar yodga olinib, Qur’on tilovat qilindi.
Davlatimiz rahbari bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirib, ushbu maskan dunyo musulmonlari talpinadigan ziyorat manzillaridan biri ekanini qayd etib, bu yerda ular uchun zamon talablariga mos sharoit yaratish zarurligini ta’kidladi.

– Majmuaga kelgan kishi avvalo Imom Moturidiy bobomizning ilmiy-ma’naviy merosi, islom olamida tutgan mavqei haqida yorqin tasavvurga ega bo‘lishi, allomaning ma’rifatparvar qarashlari bugun ham dolzarbligini his qilishi kerak, – dedi Prezident.
Qurilishni sifatli va o‘z vaqtida bajarish, hududda yashil maydonlarni ko‘paytirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahridagi Hazrati Hizr majmuasida bo‘lib, mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov maqbarasini ziyorat qildi.
Qur’on oyatlari tilovat etilib, duo o‘qildi.
Bugungi ayyom kunlarida ulug‘ ajdodlarimiz va bu dunyodan o‘tgan yaqinlarimizni yod etish, ularning ezgu ishlarini eslash xayrli amallardan ekani ta’kidlandi.
Shuning bilan davlatimiz rahbarining Samarqand viloyatiga tashrifi yakunlandi.
Ziyodulla JONIBEKOV,
G‘olib HASANOV,
O‘zA maxsus muxbirlari