Xorijdan noqonuniy olib kelingan 33,5 mlrd so‘mlik mahsulotlar aniqlandi
Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish yo‘nalishida Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona qo‘mitasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda xorijdan mamlakatimizga katta miqdordagi mahsulotlarni noqonuniy ravishda olib kirish holatlari aniqlandi.
Xususan, Toshkent shahrida avtomobil ehtiyot qismlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi hamda aholiga xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida faoliyat yurituvchi 2 ta MCHJ tomonidan ijaraga olingan omborlar xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.
Natijada, boshqa tovarlar niqobi ostida mamlakatimizga noqonuniy import qilingan, aksiz markasi bo‘lmagan “Milano”, “Mond”, “Esse”, “Zumerret” kabi jami 29 nomdagi 1 mln 963 ming 964 quti tamaki mahsulotlari hamda 4 nomdagi 807 kg oziq-ovqat mahsulotlari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, ushbu mahsulotlarning umumiy bahosi 33,5 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hurmatli fuqarolar, kundalik hayotda shu kabi qonunbuzilish holatlarga duch kelsangiz DXXning 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar bering. Shaxsingizning sir saqlanishi kafolatlanadi.