Amaliy hamkorlik kuchaymoqda
Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov boshchiligidagi delegatsiyaning Xitoy Xalq Respublikasiga amaliy tashrifi izchil va natijador ruhda davom etdi. Tashrif dasturi doirasida Tyanszin, Shenchjen hamda Honkong shaharlarida yuqori darajadagi uchrashuvlar, biznes muloqotlar va investitsiyaviy forumlar tashkil etildi.
Tashrifning ilk kunlaridanoq delegatsiya faoliyati amaliy mazmunda boshlanib, qator nufuzli tashkilot va kompaniyalarda, jumladan, “Phytium Information Technology”, “360 Technology Group” va “Tianjin Haitai Internet Technology” kabi korxonalarda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda zamonaviy texnologik yechimlar, raqamli iqtisodiyot platformalari hamda innovatsion ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishildi. Shu bilan birga, axborot texnologiyalari, kiberxavfsizlik, elektron xarid tizimlari va tibbiyot infratuzilmasini rivojlantirish yo‘nalishlarida amaliy muzokaralar o‘tkazildi.

Tyanszin shahri rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan rasmiy muloqotlarda hududlararo hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, aniq investitsiya loyihalarini jadallashtirish va o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘nalishlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, “Sirdaryo – Tyanszin savdo-iqtisodiy va investitsiya forumi” yuqori saviyada tashkil etildi. Mazkur forumda 700 ga yaqin xitoylik tadbirkorlar va 50 ga yaqin sirdaryolik ishbilarmonlar ishtirok etib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot va yangi kelishuvlarga erishish uchun samarali maydon yaratildi.
Ta’lim sohasida ham muhim kelishuvlarga erishildi. Xususan, Tyanszin yengil sanoat kasbiy-texnologik kolleji bilan mutaxassislar tayyorlash, ilg‘or tajribalarni joriy etish va ta’limni ishlab chiqarish bilan integratsiya qilish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Tashrifning keyingi bosqichi Shenchjen shahrida davom etdi. Bu yerda “Sirdaryo – Shenchjen savdo-iqtisodiy va investitsiya forumi” tashkil etildi. Unda 400 dan ortiq xitoylik kompaniya vakillari, qariyb 50 nafar sirdaryolik tadbirkorlar hamda mahalliy rasmiylar ishtirok etishdi. Ishlab chiqarish, logistika va innovatsion texnologiyalar sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Shuningdek, yetakchi kompaniyalar ishtirokida o‘tkazilgan davra suhbatlarida suv ta’minoti, sanoat infratuzilmasi, elektrotexnika va suv mahsulotlari yetishtirish sohalarida hamkorlik qilish bo‘yicha aniq takliflar ilgari surildi. Qator kompaniyalar vakillari Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurib, loyihalarni joyida o‘rganish istagini bildirishdi.
Tashrif doirasida Honkong maxsus ma’muriy hududida ham qator muhim uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Jumladan, Honkong ijro hokimiyati rahbari Jon Li Kachiu bilan uchrashuvda savdo-logistika, sanoat, innovatsiyalar, axborot texnologiyalari va turizm sohalarida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, Honkong Bosh Savdo palatasi va Honkong savdoni rivojlantirish kengashi rahbariyati bilan o‘tkazilgan muloqotlarda Sirdaryo viloyatining investitsiya salohiyati keng taqdim etildi. Tomonlar transport-logistika, IT sohasi, turizm va eksport yo‘nalishlarida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishdilar.

Umuman olganda, mazkur tashrif aniq natijalarga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatli bo‘lib, u orqali Sirdaryo viloyatida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, investitsiyalar hajmini oshirish va yangi ish o‘rinlarini tashkil etish uchun mustahkam zamin yaratilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA