Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Narpay tumanida Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari avvalo yig‘ilganlarni kirib kelayotgan muborak Ramazon hayiti va qutlug‘ ayyom – Navro‘zi olam bilan chin qalbdan tabrikladi.
Samarqandga oxirgi tashrifdan keyin o‘tgan to‘rt oy davomida mamlakatimiz hayotida katta o‘zgarishlar ro‘y bergani ta’kidlandi.
Xususan, shu haftaning o‘zida Olmaliq shahrida 3-mis boyitish fabrikasi ishga tushirildi, poytaxtimizda nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyoning ma’naviy xazinasi bo‘lgan Islom sivilizatsiyasi markazi ochildi. Ertaga esa Payariq tumanida buyuk hadisshunos ajdodimiz Imom Buxoriy yodgorlik majmuasining ochilish marosimi o‘tkazilishi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari bugun Vatanimiz qudratini yuksaltirish, har bir oila va har bir inson hayotini yaxshilash bo‘yicha yanada katta marralar olinganini, hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar esa bunga mustahkam zamin yaratayotganini ta’kidladi.

Shu bilan birga, bugungi talab kechagi yondashuvlar bilan cheklanib qolmaslikni, ertangi kun vazifalari esa yanada samarali va qat’iy harakat qilishni talab etishi ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilishda Samarqand ishsizlik, kambag‘allik, investitsiya va eksport kabi barcha yo‘nalishlarda namunaviy viloyat bo‘lishi shartligi qayd etildi.
Buning uchun viloyat mahallalari infratuzilmasini yaxshilashga 100 million dollar, Urgut tumaniga qo‘shimcha 50 million dollar ajratildi. Umuman, viloyatga barcha manbalar hisobidan 11 trillion so‘m yo‘naltirilmoqda. Tadbirkorlarga kredit resurslari uchun yana 18 trillion so‘m berilayotgani ta’kidlandi.
Ushbu mablag‘lar, eng avvalo, tumanlarda ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirishga, pirovardida esa viloyat iqtisodiyotini yuksaltirishga xizmat qilishi shartligi qayd etildi.
Yig‘ilishda tumanlarning sanoat, servis va qishloq xo‘jaligi ko‘rsatkichlari, yer osti va yer usti zaxiralari, mehnat resurslari, aholining biznes va kasbiy ko‘nikmalarini sun’iy intellekt yordamida tahlil qilish, mahallalar imkoniyatlaridan kelib chiqib, har bir tumanning ichki rivojlanish modelini yaratish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Mazkur tahlillar asosida tuman hokimlari, “mahalla yettiligi” va mahalla bankirlari resurslarni eng ko‘p ish o‘rni yaratadigan va byudjet tushumlarini oshiradigan loyihalarga yo‘naltirishi lozim.
Ushbu tizim 1-mayga qadar Narpay va Termiz tumanlarida joriy qilinib, butun respublika uchun namuna sifatida tatbiq etilishi belgilandi.
Yig‘ilishda Samarqand viloyati rahbariyati oldida kamida 9 foiz iqtisodiy o‘sishni ta’minlab, yalpi hududiy mahsulot hajmini 144 trillion so‘mdan oshirish, 3 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb etish va eksportni 1,2 milliard dollarga yetkazish vazifasi turgani qayd etildi.
Shuningdek, 100 ming aholini doimiy ish bilan ta’minlash, 31 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish va viloyatni ishsizlik hamda kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Mavjud imkoniyatlar va ishga solinmagan salohiyat Narpay, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on, Paxtachi tumanlari misolida tahlil qilindi.

Ushbu tumanlar va Kattaqo‘rg‘on shahrining viloyat sanoatidagi jami ulushi atigi 10 foizni tashkil qilayotgani qayd etildi. Shu munosabat bilan mazkur hududlarda sanoatni rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinib, 1 trillion 200 milliard so‘m ajratiladi. Bu mablag‘ning 800 milliard so‘mi sanoat loyihalarini zarur infratuzilma bilan ta’minlashga, qolgan 400 milliard so‘mi yo‘l, suv, elektr ta’minotini yaxshilash, servis va renovatsiya loyihalariga yo‘naltiriladi.
Mazkur mablag‘lar hisobidan Kattaqo‘rg‘on shahridan 40 kilometr masofada joylashgan Ingichka shaharchasiga sanoat va Yangi O‘zbekiston qiyofasi kirib borishi, Kattaqo‘rg‘on shahri markazidagi Narpay kanali ustida 60 yil avval qurilgan ko‘prik ham rekonstruksiya qilinishi belgilandi.
Joriy yil Samarqand viloyatiga 500 ta elektrobus olib kelish choralarini ko‘rish topshirildi.
Umuman, Narpay, Paxtachi, Payariq, Qo‘shrabot, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahrida sanoat va servisni rivojlantirish, hududlarga yangicha qiyofa olib kirish ustuvor vazifa sifatida belgilab berildi.
Yig‘ilishda jahondagi notinchliklar tufayli logistika zanjirlarining uzilishi, neft narxi va transport xarajatlarining oshib borayotgani oziq-ovqat narxlariga ta’sir qilishi tabiiy ekani ta’kidlandi. Shu bilan birga, dunyoda qariyb 100 million turist sayohat uchun tinch va xavfsiz mamlakatlarni qidirayotgani qayd etildi.

Bunday sharoitda oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish, turizm va servis sohalaridagi mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solish hokimlarning eng asosiy vazifasi bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yaylov yerlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga berish muddati yana bir yilga uzaytirilishi belgilandi. Viloyatning 4 ta tumanida jami 43 ming gektar maydonda jamoat yaylovlari tashkil etilib, mahallalarga 30 yilga bepul ijaraga beriladi. Yaylovlarda quduq qazish, suv chiqarish, urug‘ ekish va degradatsiyadan chiqarish xarajatlari uchun 50 milliard so‘m ajratiladi.
Chorva naslchiligini rivojlantirish maqsadida laboratoriya uskunalari va naslli qoramol xaridi uchun 10 yilga 12 foizli kredit ajratiladi. Bulung‘ur tumanida 50 million dollarlik go‘sht yo‘nalishidagi naslchilik korxonasi, Qo‘shrabotda esa 20 million dollarlik tuxum yo‘nalishidagi naslchilik korxonasi ishga tushiriladi.
Joriy yil 1-maydan boshlab baliqchilik xo‘jaliklariga quyosh panellarini o‘rnatish uchun 16 foizli kredit ajratiladi. Panelni o‘z mablag‘i hisobidan o‘rnatganlarga esa xarajatning 25 foizi qoplab beriladi.
Kartoshka yetishtirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, Misrdan 250 ming dona kartoshka mini tuganagi olib kelinib, Bulung‘ur tumanida ko‘paytirish boshlanadi. Gollandiyadan 6 ming tonna urug‘lik kartoshka olib kelinib, fermerlarga ustamasiz yetkazib beriladi.

Prezidentimiz turizm sohasidagi vazifalarga ham alohida to‘xtalib o‘tdi.
Xalqaro turizm bozoridagi noaniqlik sharoitida O‘zbekistonni xavfsiz turistik yo‘nalish sifatida targ‘ib qilish bo‘yicha katta kampaniya boshlanishi qayd etildi. Bu jarayonda turizm uchun eng qulay davr bo‘lgan aprel-iyun oylari uchun alohida dastur tayyorlanib, “O‘zbekistonda ochiq turizm mavsumi” e’lon qilinadi.
Ushbu muddatda aviakompaniyalarga yangi reyslar yo‘lga qo‘yib, olib kelingan har bir xorijiy sayyoh uchun 100 dollardan subsidiya beriladi. Bunday aviakompaniyalarga aeroport xizmatlari uchun 20 foiz chegirma taqdim etiladi.
1-apreldan boshlab turoperatorlarga uch oy mobaynida jalb qilingan har 1 ming xorijiy turist uchun byudjetdan 5 ming dollargacha subsidiya beriladi. Qo‘shilgan qiymat solig‘ining yarmi “keshbek” sifatida qaytariladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda 5 milliondan ortiq kuzatuvchisi bo‘lgan 50 nafar xorijiy blogerga O‘zbekistonga kelish uchun yetti kunlik bepul turpaket taqdim etiladi.
Joriy yilning o‘zida Samarqandda dunyoga mashhur kamida 5 nafar san’atkorning gastrolini, shuningdek, 10 ta biznes-forum va moda festivalini o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, Samarqandni aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha olimpiada, forum va ilmiy konferensiyalar o‘tkaziladigan xalqaro xabga aylantirish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.
Mavjud salohiyatdan samarali foydalanish hisobiga Samarqandga yil yakuniga qadar 6 million sayyoh olib kelish maqsadi belgilab olindi.
Yig‘ilishda viloyat va tuman hokimlari, tarmoq rahbarlari hamda boshqa mutasaddilarning hisobotlari tinglandi, Samarqand ahli bilan muloqot qilindi.