Prezident Samarqand ahlini Ramazon hayiti va Navro‘z bayrami bilan tabrikladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Narpay tumanida Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimiz so‘zining yakunida yana bir muhim masalaga to‘xtaldi.
Shu haftada muborak Ramazon hayiti va Navro‘z bayrami keng nishonlanadi.
Viloyat rahbariyatiga har bir mahalla, ko‘cha va jamoat joylarida obodonlashtirish ishlarini kuchaytirish, ehtiyojmand oilalar, nuroniylar va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar holidan xabar olish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Bozorlar va yirik savdo markazlarida arzonlashgan oziq-ovqat yarmarkasini tashkil qilish, umuman, odamlar bayramni ko‘tarinki kayfiyatda, tinch va osoyishta muhitda qarshi olishlari uchun barcha sharoitlarni yaratish topshirildi.
Prezidentimiz fursatdan foydalanib, butun Samarqand ahlini muborak ayyomlar bilan tabriklab, barchaga sihat-salomatlik, kelgusi ishlarida kuch-quvvat tiladi.
Yig‘ilishda viloyat va tuman hokimlari, boshqa mutasaddilarning hisobotlari tinglandi, Samarqand ahli bilan muloqot qilindi.
O‘zA