Geosiyosiy bo‘ron va Turkiy dunyo hamjihatligi
Eron atrofida AQSH va Isroil ishtirokida avj olayotgan harbiy-siyosiy ziddiyat qisqa fursat ichida mahalliy inqiroz doirasidan chiqib, global miqyosdagi strategik voqelikka aylandi. Bugungi kunda masala nafaqat Tehronning strategik dasturlari taqdiri yoki siyosiy rejim transformatsiyasi, balki jahon energetika tizimi barqarorligi, Hurmuz bo‘g‘ozi kabi muhim transport arteriyalari xavfsizligi hamda BMT kabi xalqaro institutlarning nufuzi bilan bevosita bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Mazkur qarama-qarshilik keng ko‘lamli mintaqaviy urushning debochasi bo‘lishi hamda Yaqin Sharqdan Markaziy Osiyogacha cho‘zilgan ulkan hududda shakllanayotgan yangi dunyo tartibotiga ta’sir ko‘rsatishi borasidagi xavotirlar tobora kuchaymoqda.
Eron, AQSH va Isroil o‘rtasidagi uch tomonlama murakkab nizo Yaqin Sharq va unga qo‘shni hududlar, xususan, Markaziy Osiyo xavfsizligiga jiddiy tahdid soladi. Geografik yaqinlik omili mintaqa davlatlaridan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarni sinchiklab tahlil qilishni va tegishli preventiv chora-tadbirlarni ishlab chiqishni taqozo etmoqda. Garchi ziddiyatning Markaziy Osiyo hududiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy harakatlar ko‘rinishida yoyilishi ehtimoli past bo‘lsa-da, Yaqin Sharqdagi beqarorlik mintaqaning ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatiga bilvosita salbiy ta’sir ko‘rsatishi tayin. Bunday sharoitda transmilliy terrorchilik tarmoqlarining faollashishi kuzatilishi mumkin. Tehronning mintaqaviy xavfsizlik tizimida radikal guruhlarni jilovlovchi omil sifatidagi roli zaiflashishi terrorchi tashkilotlar uchun qulay muhit yaratish xavfini yuzaga keltiradi.
Ekspertlar xulosasiga ko‘ra, Yaqin Sharqdagi geosiyosiy jarayonlar Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodiy va logistik imkoniyatlariga bevosita daxldordir. Ko‘p yillar davomida mintaqamizning janubiy dengizlarga chiqishi, Yaqin Sharq, Hindiston va Sharqiy Afrika bozorlari bilan savdo aloqalarini kengaytirishi strategik maqsad sifatida qaralayotgan edi. Biroq Eron atrofidagi yangi sanksiyalar va beqarorlik ushbu istiqbolli yo‘nalishlarni amalga oshirishda jiddiy to‘siq bo‘lishi mumkin. Markaziy Osiyo uchun Eron “issiq dengiz” ga — xususan, Chobahor porti va “Shimol – Janub” transport yo‘lagiga chiqishda asosiy tranzit hamkor hisoblanadi. Erondagi vaziyatning izdan chiqishi O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmanistonning mavjud logistik imkoniyatlardan foydalanishini sezilarli darajada qiyinlashtiradi.
Nizo oqibatida neft va boshqa xomashyo resurslari narxining keskin ko‘tarilishi global iqtisodiy beqarorlik va inflyatsiyaning avj olishiga sabab bo‘ladi. Qatar energetika vazirining bashorati nafaqat birja treyderlarini, balki oddiy iste’molchilarni ham xavotirga solmoqda: cheklovlar davom etgan taqdirda neft narxining bir barreli 150 dollargacha ko‘tarilishi ehtimoli mavjud. Bu shunchaki statistik ko‘rsatkich emas, balki butun global iqtisodiy tizimning qayta qurilishidan dalolat beradi. Shu tariqa, “Eron keysi” Markaziy Osiyo davlatlari yuritayotgan ko‘pvektorli tashqi siyosat uchun jiddiy strategik sinovga aylanmoqda.
Bunday murakkab geosiyosiy sharoitda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) a’zolarining diplomatiyasi o‘zining vazminligi va konstruktiv yondashuvi bilan ajralib turadi. 2026-yil 7-mart kuni Boku shahrida bo‘lib o‘tgan TDT Tashqi ishlar vazirlari kengashining norasmiy uchrashuvi tashkilot rivojidagi muhim bosqich bo‘ldi. Ozarbayjon raisligida o‘tgan mazkur yig‘ilishda Turkiya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Qozog‘iston vakillari ishtirok etib, TDT madaniy-iqtisodiy maydondan siyosiy jihatdan muvofiqlashtirilgan kuchli mintaqaviy ishtirokchiga aylanib borayotganini namoyish etdi.
Uchrashuv yakunlari geosiyosiy masalalar yuzasidan yagona pozitsiya shakllanganini tasdiqladi. Yaqin Sharqdagi so‘nggi voqealar bo‘yicha qabul qilingan qo‘shma bayonot a’zo davlatlar o‘rtasidagi siyosiy hamjihatlikni yanada mustahkamladi. Hujjatda tinchlik, barqarorlik, suverenitet va hududiy yaxlitlikni hurmat qilish tamoyillariga sodiqlik alohida qayd etildi. Bu esa mintaqaviy xavfsizlikka nisbatan har qanday tahdid tashkilot uchun umumiy va ustuvor masala sifatida qaralayotganini anglatadi.
Tashqi sheriklar bilan hamkorlikni ko‘zda tutuvchi “TDT+” formati to‘g‘risidagi nizomning qabul qilinishi tashkilotning institutsional rivojlanishi yo‘lidagi strategik qadam bo‘ldi. Yevropa Ittifoqi yoki ASEAN kabi nufuzli tuzilmalarning sheriklik mexanizmlariga o‘xshash ushbu format uchinchi davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi. Bu o‘z navbatida Turkiy davlatlar tashkilotining xalqaro maydondagi nufuzini oshirish bilan birga, energetika, savdo, transport koridorlari va xavfsizlik sohalarida keng ko‘lamli hamkorlik uchun yangi istiqbollarni ochadi.
Mazkur muloqot nafaqat joriy inqirozlarga tezkor javob berish, balki uzoq muddatli strategik integratsiyani rivojlantirish masalalariga ham qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Tashqi siyosiy faoliyatning muntazam muvofiqlashtirib borilishi transport yo‘laklari, raqamli transformatsiya va iqtisodiy sheriklik sohalaridagi chuqur integratsiya jarayonlari uchun mustahkam zamin yaratmoqda. Bu esa Turkiy davlatlar tashkilotining yaxlit va nufuzli mintaqaviy blok sifatida institutsional jihatdan shakllanishini yanada mustahkamlaydi.
Abdurafiq Hashimov,
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiyasi kafedra mudiri
O‘zA