AQSHning havoda yonilg‘i quyuvchi samolyoti halokatga uchradi
AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) “Epik g‘azab” amaliyoti doirasida samolyotga parvoz payti yonilg‘i quyishga mo‘ljallangan KC-135 tanker uchog‘i yo‘qolgani haqida xabar tarqatdi.
Ma’lumotga ko‘ra, amaliyotda qatnashgan ikki samolyotdan biri Iroq g‘arbida halokatga uchragan, ikkinchisi muvaffaqiyatli qo‘ngan. Hodisaga na “dushman hujumi” va na “tasodifiy o‘t ochish” sabab bo‘lgani haqida biror nima deyilmagan.
Keyinroq qo‘mondonlik “Iroq uzra KC-135 qulashi oqibatida to‘rt nafar harbiy xizmatchimiz halok bo‘ldi” deya bayonot berdi. Hisobotda ekipajning yana ikki a’zosi taqdiri noma’lumligi ham aytilgan. Qidiruv-qutqaruv ishlari davom etyapti.
Iroqdagi Islomiy qarshilik harakati hujum uchun javobgarlikni zimmasiga olgan.
“Boeing KC-135” 1950-yildan beri AQSH harbiy-havo kuchlari tomonidan jangovar va tashuvchi uchoqlarga havoda yonilg‘i quyish uchun foydalaniladigan strategik tanker samolyotidir. Bunday qurilmalar qiruvchi va to‘pchi havo kemalariga parvoz masofasini uzaytirish, qo‘nmasdan topshiriqni bajarish davomiyligini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi.
Bu galgi fojiadan so‘ng Eronga qarshi harbiy amaliyot boshlangandan beri halok bo‘lgan AQSH askarlari soni 12 nafarga yetdi.
S.Rahimov, O‘zA