Yevropadagi ukrainaliklar uchun vaqtinchalik himoya tugayapti – keyin-chi? (+video)
Yevropa ukrainalik qochqinlar uchun joriy etilgan vaqtinchalik himoya dasturini yakunlashga tayyorgarlik ko‘rmoqda, deb xabar berdi VVS nashri.
Bu dasturni Rossiya-Ukraina urushi boshlanganidan keyin Yevropa Ittifoqi qabul qilgan edi. U millionlab ukrainaliklarga, asosan ayollar va bolalarga Yevropa davlatlarida yashash va ishlash imkonini berdi. Hozir dastur 2027-yil martgacha uzaytirilgan bo‘lsa-da, uning keyingi taqdiri muhokama qilinmoqda.
2026-yil mart oyidan boshlab Yevropa davlatlari ukrainaliklarning keyingi huquqiy maqomi haqida muzokaralarni boshladi. Vaqtinchalik himoya nomidan ham ko‘rinib turibdiki, u doimiy emas, shuning uchun 2027-yildan keyingi davr uchun yangi reja kerak. Yevrokomissiyaning maxsus vakillari ham vaqtinchalik chora besh yilga yetarli,deb hisoblaydi.
Hozir dunyo bo‘yicha qariyb 5,9 mln ukrainalik qochqin bor. Ulardan 5,3 millioni Yevropada yashaydi. 2025-yil oxiriga kelib, Yevropa Ittifoqi davlatlarida 4 mlndan ziyod ukrainalik vaqtinchalik himoya maqomiga ega bo‘lgan. Eng ko‘p qochqinni Germaniya, Polsha va Chexiya qabul qilgan.
Ko‘pchilik ukrainaliklar Yevropada ishlab, mahalliy iqtisodiyotga hissa qo‘shmoqda. 2025-yil o‘rtalarida 20–64 yoshli ukrainalik qochqinlarning taxminan 57 foizi ish bilan ta’minlangan. Eng yuqori bandlik darajasi Estoniya, Vengriya, Polsha va Chexiyada qayd etilgan. Biroq ko‘pchiligi o‘z mutaxassisligiga mos kelmaydigan, past malakali ishlarda ishlayotgani ham ta’kidlanadi.
Vaqtinchalik himoya dasturi tugagach, Yevropada qolmoqchi bo‘lgan ukrainaliklar boshqa huquqiy maqom olishi kerak bo‘ladi. Bu ish vizasi, talabalik vizasi, oilaviy birlashish yoki yuqori malakali mutaxassislar uchun mo‘ljallangan maxsus dasturlar orqali amalga oshirilishi mumkin.
Masalan, Germaniyada hozir 1,2 mln ga yaqin ukrainalik yashaydi. Germaniya hukumati ular uchun alohida yangi maqom joriy qilishni rejalashtirmayapti va mamlakatda qolmoqchi bo‘lganlarga ish yoki o‘qish asosida boshqa ruxsatnomalarga o‘tishni tavsiya qilmoqda.
Polsha esa ukrainaliklar uchun vaqtinchalik himoyani 2027-yilgacha uzaytirdi, ammo ayrim ijtimoiy yordamlarni qisqartirishni boshladi. Shu bilan birga, ukrainaliklar Polsha iqtisodiyotiga katta hissa qo‘shmoqda. Chexiyada esa ukrainalik qochqinlar masalasi siyosiy bahslarga sabab bo‘lmoqda. Ba’zi partiyalar ularga uzoq muddatli yashash ruxsatini osonlashtirish taklifiga qarshi chiqdi. Ular barcha migrantlar uchun bir xil qoidalar bo‘lishi kerakligini aytishmoqda. Shu bilan birga, Chexiya prezidenti ukrainaliklar mamlakat iqtisodiyotiga foyda keltirayotganini ta’kidlab, ularni yuk sifatida ko‘rmaslikka chaqirmoqda.
Boshqa Yevropa davlatlari ham ma’lum cheklovlar joriy qilishni rejalashtirmoqda. Masalan, Germaniya urushdan kamroq zarar ko‘rgan Ukraina hududlaridan kelgan yangi qochqinlarga vaqtinchalik himoya berishni cheklashi mumkin. Shuningdek, 23–60 yoshli erkaklar harbiy xizmatdan ozod etilganini tasdiqlashi talab qilinishi mumkin.
Mutaxassislar fikricha, 2027-yilgacha Yevropa davlatlari ukrainalik qochqinlarni qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradi. Biroq kelgusida ularning ko‘pchiligi vaqtinchalik himoyadan doimiy huquqiy maqomga o‘tishi yoki o‘z vataniga qaytish masalasida qaror qabul qilishiga to‘g‘ri keladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/FKAsSkSzagY" title="Evropadagi ukrainaliklar uchun vaqtinchalik himoya tugayapti – keyin-chi? " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Iskandar Ismatov, O‘zA