O‘zbekistonda faktoring xizmatlari hajmi 9,5 trillion so‘mni tashkil etdi
Bu haqda Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan Faktoring xizmatlari bozori sharhi ma’lum qilingan.
Unda qayd etilishicha, O‘zbekistonda faktoring xizmatlari bozori 9,5 trillion so‘m hajmga erishdi va bu sohaning uzluksiz rivojlanayotganidan dalolat beradi. Mazkur hajmning 93 foizi tijorat banklari hissasiga to‘g‘ri kelsa, 7 foizi mikromoliya tashkilotlari orqali amalga oshirildi.
Bu ko‘rsatkichlardan ko‘rinib turibdiki, milliy moliya bozorida banklarning asosiy ishtirokchi sifatida roli tobora mustahkamlanmoqda. Shu bilan birga, raqamli platformalar orqali amalga oshirilgan operatsiyalar hajmi 46 foizini tashkil etdi. Bu raqamlar raqamli transformatsiya va elektron to‘lovlar tizimining moliya bozoridagi ahamiyatini ko‘rsatmoqda.
Muddati bo‘yicha tahlilga ko‘ra, 61–90 kunlik bitimlar eng ko‘p ishlatilgan bo‘lib, umumiy hajmning 38 foizini tashkil qildi. Bu esa mijozlar va korxonalar uchun moslashuvchan to‘lov shartlari taqdim etilishini va bozorning likvidligini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, qisqa muddatli (30 kungacha) va uzoq muddatli (121–180 kun) faktoring operatsiyalari ham faollikni ta’minlamoqda.
Xalqaro faktoring xizmatlarida ham o‘sish kuzatildi: 2025-yilda ushbu hajm 642 milliard so‘mga yetdi.
Shuningdek, mijozlar tarkibida yirik biznes va banklar asosiy ishtirokchi sifatida faolligini saqlashga xizmat qiladi.
Bozor rivojlanishining bu tendensiyalari kelgusida ham faktoring xizmatlari iqtisodiyotning moliyaviy barqarorligi va korxonalarning likvidligini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi, shu bilan birga kichik va xususiy tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini ochadi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA