Otashin shoira Ra’no Uzoqovaning xotirasi izsiz yo‘qolib ketaveradimi?
She’riyatning chinakam muxlislari katta ehtimol bilan yaxshi biladilarki, Sho‘ro zamonida asli surxondaryolik bo‘lgan Ra’no Uzoqova degan bir otashin shoira o‘tgan.
1916-yilda Jarqo‘rg‘on tumanida tug‘ilib, go‘dak holida yetim qolib, yaxshi insonlar xonadonida voyaga yetgan Ra’no Uzoqovani o‘z esdaliklarida Zulfiyaxonim ham, uning turmush o‘rtog‘i bo‘lmish Hamid Olimjon ham yorug‘ xotiralar bilan yodga olgan. Hatto, Zulfiyaxonim: "Ba’zan ilhomim kelmay, toriqqan kezlarim asabiy bo‘lib qolardim. Ana shunday kunlarning birida Hamid Olimjon bir talay qo‘lyozmalar olib kelib berdi-da, "Mana, qarang, shunday shoiralarimiz bor, ular qanday go‘zal yozayotganini ko‘ring!" deb dalda berdi. Qarasam, Ra’no Uzoqovaning she’rlari ekan..." deya uning ijodidan motivatsiya olganini e’tirof etgan...
Shoira Ra’no Uzoqova chaqmoqdek juda qisqa umr ko‘rdi. Biroq atigi o‘ttiz bir yillik umrida salmoqli ijod qildi. Davlat va jamoat arbobi, yozuvchi Sharof Rashidov, o‘zbek va tojik xalqlarining buyuk adibi Sadriddin Ayniy, Hamid Olimjon, Zulfiyaxonim, G‘afur G‘ulom kabi zabardast shoir va yozuvchilar bilan hamzamon bo‘lib, Ikkinchi jahon urushi yillarida jonini xatarga qo‘yib, fashist bosqinchilariga qarshi qonli kurashlar avj olgan bir pallada Leningrad qamalida mardonavor jang qilayotgan o‘zbek askarlariga millatimiz nomidan sovg‘a-salomlar olib borgan jasur va otashqalb siymolarimizdan biridir.
O‘sha tahlikali safari chog‘ida Ra’no Uzoqova tarkibida bo‘lgan o‘zbek delegatsiyasi parvoz qilayotgan harbiy samolyot dushman hujumiga uchrab, shunday og‘ir kezlarda orttirgan yurak xuruji sabab shoiramizning umri qisqa bo‘lgandir.
Ra’no Uzoqovaning xalqimiz uchun, ayniqsa, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida ulkan ahamiyatga ega ijodiy merosi o‘tgan davrlarda yaxshi qadrlandi. Sho‘ro davrida ham, Mustaqillik yillarida ham bir necha bor xotira yubileylari o‘tkazildi.
1993-yilda Surxondaryo viloyatida shoiraning 75 yillik xotira yubileyi shoir Tesha Saydaliyevning 65 yillik xotira yubileyi bilan birga marhum viloyat hokimi Jo‘ra Noraliyev rahbarligida, mamlakat miqyosida taniqli shoiru yozuvchilar ishtirokida o‘tkazilgan edi.
Ushbu xayrli ishlarda va marhum shoiramizning ijod namunalarini to‘plab, nazmiy to‘plamlarini chop ettirishda mening ham kamtarona hissam borligidan nihoyatda mamnunman.
Mana shunday savob ishlardan boshqa nima qoladi bizlardan axir?!
Biroq so‘ngi yillarda marhum shoiramizning yorqin xotirasiga e’tibor birmuncha susaygani g‘oyat achinarli holdir. Ayni shu kecha-kunduzda, shoira Ra’no Uzoqova tavalludining 110 yilligi nishonlanishi kerak edi. Ammo marhuma shoirani na respublika, va na viloyat mutasaddilari esladilar.
Menimcha, eslatuvchilar ham o‘z shaxsiy tashvishlaridan ortmadilar. Bundan bir yuz o‘n yil avval bag‘ritoshlik qilibmi, yo nochorlik tufaylimi atigi bir necha kunlik chaqaloq holida otasi, yo onasi tomonidan temir yo‘l stansiyasiga tashlab ketilganida, Jarqo‘rg‘onning Oqqo‘rg‘on qishlog‘ilik Maryam opa degan bir xudojo‘y inson uni topib olib mehrining tafti bilan ilitgan bir muddat to bolalar uyiga topshirguncha boqqan ekan.
Bugun Yangi O‘zbekistonda zahmatkash va fidoyi, vatanparvar shoira Ra’no Uzoqova xotirasiga hurmat va ehtirom ko‘rsatish chin insoniylik namunasi, ham ma’naviy burchimiz emasmi? Nahotki, buyuk shoiramizning xotirasi sahroga sepilgan suvdek izsiz yo‘qolib ketaversa?
Kaminaning mas’ulligida 1992-yilda marhum shoiramizning Termizu Samarqandagi ijodxonalarida sarg‘ayib qolib ketgan qo‘lyozmalari "Subhidam qaldirg‘ochi" nomi bilan to‘plam holiga keltirilgan bo‘lsa, 2016-yilda yozuvchi Baxtiyor Ollomurodning mas’ul muharrirligida yirik to‘plami "Baxt qo‘shig‘i" nomi bilan G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyida nashrdan chiqarildi. Biroq shundan so‘ng ushbu xayrli ishlarga yeng shimaradigan, e’tibor qaratadigan biror bir mard inson topilmayapti.
Qandaydir sabablar bilan unutilgan shoiramiz Ra’no Uzoqovaning xotirasiga ehtirom ko‘rsatilishini Ramazon oyining munavvar va muqaddas kunlarida chin dildan niyat qilib qolamiz.
Toshtemir Turdiyev,
Denov tuman ma’naviyat bo‘limi rahbari,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, filologiya fanlari nomzodi