Yurtboshimiz orzularimga qanot bag‘ishladi (+video)
Inson hayotida unutilmas kun, voqelik bo‘ladi. Farg‘ona shahridagi Prezident maktabining bitiruvchi sinf o‘quvchisi Dilafruz Sobirova uchun kechagi kun shubhasiz bir umr yodda qoladi. U O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan muloqotda bo‘ldi.
– Kecha Prezidentga ko‘pdan buyon aytmoqchi bo‘lgan gaplarimni yetkazishga muyaassar bo‘ldim, – deydi Dilafruz Sobirova. – Avvalo, Prezidentimizga yoshlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlar uchun minnatdorchilik bildirdim. Va yaqinda erishgan muvaffaqiyatim – 390 ming dollarlik grant yutib Garvard universitetiga qabul qilinganim haqida aytdim. Shunda Prezidentimiz senday qizlarim mening qanotim va iftixorim, sen bilan g‘ururlanaman, dedilar.

Dilafruz Quva tumanidagi oddiy oilalarning biridan bo‘lib, hali yoshligidanoq kitob va ilmga qiziqar edi. Katta tanlovda g‘olib bo‘lib, Farg‘onadagi Prezident maktabiga o‘qishga kirdi va bu yil uni tugatmoqda. Davlat rahbari bilan bo‘lgan uchrashuvda eng a’lochi o‘quvchi va muddatidan avval Amerikaning Garvard universitetiga qabul qilingan talaba sifatida ishtirok etdi.
– Shu paytgacha yoshlarga barcha imkoniyatlar yaratib berilgan edi. Lekin Prezidentimiz uchrashuv chog‘ida yoshlarni qo‘llab quvvatlaydigan yangi 30 ga yaqin loyihalar haqida gapirdilar. Hatto kerak bo‘lsa, yoshlarni pul berib o‘qitaman, dedilar. Bundan tashqari, volontyorlik harakatini rivojlantirish lozimligini alohida ta’kidladilar. O‘zining g‘oyasi bo‘lgan yoshlarga biznesini tashkil qilish uchun zarur mablag‘, imtiyozli kreditlar bilan ta’minlashini aytdi. Faqat bu g‘oyalarni amalga oshirish talab etiladi, xolos. Men Amerikada bo‘lsam ham bu imkoniyatlardan foydalanaman, – deydi Dilafro‘z.

Dilafro‘z tinimsiz o‘qishi tufayli ustozlari yordamida muvaffaqqiyatga erishdi. Ammo u hali bu yo‘ldan yuksak cho‘qqilargacha bormoqchi.
– Kelajakda ilm yo‘lidan ketmoqchiman. Garvardda biologiya va sog‘liqni saqlash yo‘nalishida o‘qiyman. Keyinchalik sog‘liqni saqlashni rivojlantirishga hissamni qo‘shaman va tadqiqotlarimni amalga oshiraman. – Bu yosh hamyurtimizning ahdi.

Prezident uchrashuv chog‘i otalarcha mehr bilan g‘amxo‘rlikning eng yuksak namunasini izhor qildi. Dilafruz esa munosib farzand bo‘lishga so‘z berdi.
– Prezidentimiz Amerikaga borganimda sen bilan uchrashaman, deb aytdilar. Bu menga juda katta mas’uliyat va kuch bag‘ishladi. Amerikada uchrashganimizda Prezidentimizga men sizning qizingiz – Garvardning a’lochi talabasiman, deyishga harakat qilaman, – deydi ezgu niyatini izhor qilgan Dilafro‘z.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/6qIp9nHfHis" title="Yurtboshimiz orzularimga qanot bag‘ishladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video, surat), O‘zA