Yosh tadbirkor o‘z biznesini yo‘lga qo‘ydi
Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning tadbirkorlik tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan islohotlar o‘z samarasini bermoqda.
Buxoro viloyati Qorako‘l tumani “Quyi Yangibozor” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi yosh tadbirkor Siroj Baqoyev ham ana shunday imkoniyatlardan samarali foydalanganlardan biridir. U tuman hokimi bilan o‘tkazilgan uchrashuvlardan birida o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagini bildirib, imtiyozli bank krediti ajratishda amaliy yordam so‘ragan edi.
Mazkur murojaat e’tibordan chetda qolmadi. Tuman hokimi tomonidan mas’ul tashkilotlarga tegishli topshiriqlar berildi va qisqa muddat ichida masala ijobiy hal etildi. Xususan, davlatimiz rahbarining 2025-yil 14-fevraldagi “Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va bandligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida Siroj Baqoyevga 100 million so‘m miqdorida imtiyozli bank krediti ajratildi.

Ushbu moliyaviy ko‘mak yosh tadbirkorning o‘z biznesini boshlashi uchun poydevor bo‘ldi. Bugungi kunda u eshik va deraza romlari ishlab chiqarish faoliyatini yo‘lga qo‘yib, mahalliy bozorga sifatli mahsulotlar yetkazib bermoqda. Qisqa vaqt ichida mahsulotlar xaridorlar e’tiborini qozondi.
Eng muhimi, ushbu tashabbus orqali yana 3 nafar yoshning doimiy ish bilan ta’minlanishiga erishildi.
Tuman hokimi Xurshid Tohirov mazkur tadbirkorlik sub’ekti faoliyati bilan yaqindan tanishib, ishlab chiqarish jarayonlarini ko‘zdan kechirdi. Suhbat davomida ishlab chiqarish quvvati, mahsulot sifati va kelgusidagi rejalar muhokama qilindi. Hokim yosh tadbirkorning intilish va sa’y-harakatlarini yuqori baholab, faoliyatni yanada kengaytirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davom ettirilishini ta’kidladi.

—Bugun yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanish kerak, —deydi yosh tadbirkor Siroj Baqoyev. —Men ham ushbu imkoniyatlardan foydalanib, o‘z biznesimni boshladim. Ilk qadamlar albatta oson bo‘lmadi, lekin davlat tomonidan berilgan imtiyozli kredit va amaliy yordamlar tufayli ishimni yo‘lga qo‘ydim. Kelgusida ishlab chiqarishni yanada kengaytirib, ko‘proq yoshlarni ish bilan ta’minlashni maqsad qilganman.
Bu kabi amaliy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari yoshlarning ishbilarmonlik salohiyatini yuzaga chiqarishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA