“Tashabbusli byudjet-2026” – fuqarolar va davlat o‘rtasidagi hamkorlikning yangi modeli
Mamlakatimizda davlat boshqaruvida ochiqlik va fuqarolar ishtirokini kengaytirishga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda. Ana shunday muhim islohotlardan biri – “Tashabbusli byudjet” bo‘lib, ushbu tizim aholi o‘z hududidagi muammolarni bevosita hal etishda qatnashish imkonini bermoqda.
2026-yil ushbu tizim uchun alohida bosqich hisoblanadi. Chunki bu yilgi jarayon nafaqat navbatdagi mavsum, balki yangi yondashuvlar, kengaytirilgan moliyaviy imkoniyatlar va yuqori tizimli o‘zgarishlar bilan ajralib turadi. 1-fevraldan start olgan mavsum 21-mart – Navro‘z kuni asosiy natijalar e’lon qilinishi bilan yakun topadi.
2026-yilgi mavsum aniq rejalashtirilgan bosqichlar asosida amalga oshiriladi. Fevral oyida loyihalarni kiritish va saralash ishlari olib borilsa, mart oyida targ‘ibot va ovoz berish jarayonlari tashkil etiladi.
Ahamiyatli jihati shundaki, endi loyihalar keyingi bosqichlarda hisobga olinishi uchun kamida 50 ta ovoz to‘plashi shart. Bu talab tasodifiy yoki kam ahamiyatli tashabbuslarning keyingi bosqichlarga o‘tishini cheklab, haqiqatan ham jamoatchilik ehtiyojiga javob beradigan loyihalarni saralab olish imkonini beradi.
2026-yilda “Tashubbusli byudjet” uchun ajratilayotgan 6 trillion so‘m mablag‘ tizimning qamrovi va ta’sirini yanada kengaytiradi. Mablag‘larning muayyan qismi deputatlar tashabbuslari va qo‘shma moliyalashtirish loyihalariga yo‘naltirilishi resurslardan yanada oqilona foydalanishga xizmat qiladi.
Shuningdek, loyihalar qiymatiga qo‘yilgan aniq limitlar (qurilish uchun 1,648 mlrd so‘m) ortiqcha xarajatlarning oldini olib, ko‘proq hududlarni qamrab olish imkonini beradi. Bu sa ijtimoiy infratuzilmani keng ko‘lamda yaxshilashga xizmat qiladi.
Eng muhim yangilik, aholining bevosita moliyaviy ishtirokini nazarda tutuvchi sherikchilik modelidir. Endilikda, agar fuqarolar loyiha qiymatining 50 foizini o‘zlari yig‘a olsa, qolgan qismi davlat tomonidan qoplanadi va loyiha avtomatik tarzda g‘olib deb topiladi.
Yangi tartibga ko‘ra, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlariga ham kengroq vakolatlar berildi. Endi ular o‘z saylov okruglarida g‘olib bo‘lmagan loyihalardan har mavsumda ikkitadan tanlab, ularni qo‘shimcha ravishda moliyalashtirish imkoniyatiga ega. Bu orqali hududiy muammolarni chuqurroq o‘rganish va ularni hal etishda siyosiy institutlarning rolini oshiradi. Natijada, ayrim sabablarga ko‘ra ovoz yetmay qolgan, lekin dolzarb bo‘lgan loyihalar ham amalga oshiriladi.
Jarayonlarning ochiqligini ta’minlash maqsadida “Ochiq byudjet” axborot portali orqali barcha bosqichlar kuzatib boriladi. Yaqin vaqt ichida ushbu platformada amalga oshirilgan loyihalarning interaktiv xaritasi ham ishga tushirildi. Bu orqali, fuqarolarga loyihalar joylashuvi va natijalarini ko‘rish, mablag‘larning sarflanishini nazorat qilish, tizimga bo‘lgan ishonchni oshirish imkoniyatini beradi.
2026-yilgi “Tashabbusli byudjet” mavsumi oddiy tanlov yoki ovoz berish jarayoni emas, balki fuqarolar va davlat o‘rtasidagi hamkorlikning yangi modeli hisoblanadi. Sherikchilik asosida moliyalashtirish, deputatlar vakolatining kengaytirilishi va raqamli shaffoflikning kuchaytirilishi tizimni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqmoqda. Eng muhimi, ushbu jarayon har bir fuqaroga “Mening ovozim, mening tashabbusim” degan ishonchni beradi.
Dildora DO‘SMATOVA,
O‘zA