O‘zbekiston nufuzli "VETA Awards" xalqaro mukofoti bilan taqdirlandi
O‘zbekiston turizm va mehmonxona biznesi sohasidagi eng yirik va nufuzli mukofotlardan biri — "VETA Awards" xalqaro mukofotiga sazovor bo‘ldi. Tantanali taqdirlash marosimi kecha, 24-fevral kuni kuni Nyu-Dehli shahrida bo‘lib o‘tdi.
“VETA Awards” mukofoti turizm va mehmondo‘stlik sanoatiga ixtisoslashgan yetakchi "Versatile Media" kompaniyasining asosiy platformasi hisoblanadi. 2013-yil yanvar oyida tashkil etilgan ushbu kompaniya turizm sohasidagi dolzarb yangiliklar va asosiy tendensiyalarni yoritadi.
“VETA Awards” mukofoti SATTE bilan hamkorlikda o‘tkazilib, turizm sohasidagi jahon yetakchilari va asosiy milliy ishtirokchilarni yagona B2B platformasida birlashtirishni maqsad qilgan. Ushbu mukofot lyuks sayohatlar va mehmondo‘stlik sohasidagi ilg‘or tajriba, innovatsiyalar hamda yirik yutuqlarni e’tirof etish uchun xizmat qiladi.
O‘zbekistonga mazkur nufuzli mukofotning berilishi mamlakat turizm sohasining jadal rivojlanayotgani, dunyo bozoridagi o‘rni mustahkamlanib borayotgani va jahon sayyohlik hamjamiyati tomonidan qiziqish ortib borayotganining muhim xalqaro e’tirofi bo‘ldi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA