Yoshlar tashabbuslari – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining asosiy drayveri
Munosabat
Yoshlar masalasi Yangi O‘zbekiston siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridandir. Kuni kecha Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan muloqoti mamlakat yoshlarini yanada qo‘llab-quvvatlash, ular uchun yangidan-yangi imkoniyatlarni yaratishda muhim qadam bo‘ldi.
Mazkur muloqotda ilgari surilgan ilg‘or g‘oya va tashabbuslarning mazmuni va ahamiyati haqida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gulchehra Tojiboyeva o‘z munosabatini bildirdi:
— Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan muloqotda ularni mamlakat taraqqiyotining hal qiluvchi kuchi sifatida baholab, qator yangi tashabbus va imkoniyatlarni e’lon qildi. Bu esa Yangi O‘zbekiston g‘oyasining amaliy ifodasi sifatida ahamiyatlidir.
Bugun yurtimizda 22 milliondan ortiq yoshlar istiqomat qilmoqda. Har yili 600 ming nafar yosh mehnat bozoriga kirib kelmoqda va 2030-yilga borib bu raqam 1 millionga yetishi kutilmoqda. Demak, yoshlar bandligini ta’minlash, ularni bilim va kasbga yo‘naltirish nafaqat ijtimoiy, balki strategik vazifa hisoblanadi.
So‘nggi yillarda yaratilgan imkoniyatlar natijasida yoshlarimiz xalqaro maydonlarda munosib natijalarga erishmoqda. Jahon fan olimpiadalarida 66 ta oltin, 147 ta kumush va 221 ta bronza medali qo‘lga kiritildi. Dunyodagi nufuzli oliygohlarda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar soni 3,5 ming nafardan oshgan. Yoshlar tomonidan yaratilgan 63 ta startap AQSH, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya va BAA bozorlariga chiqqani esa intellektual salohiyatimiz ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Yoshlar tadbirkorligi sohasida ham salmoqli natijalar kuzatilmoqda. Bugun mamlakatdagi biznes vakillarining 35 foizi yoshlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Faqat o‘tgan yilning o‘zida yoshlar bandligini ta’minlash uchun 400 million dollar yo‘naltirilib, 15 ming nafar yosh o‘z biznesini boshladi va 50 mingta ish o‘rni yaratildi.
Yangi qarorlarga ko‘ra, yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha 200 million dollar ajratilishi belgilandi. Endilikda o‘zini o‘zi band qilgan yoshlar uchun kreditlar 100 million so‘mdan 300 million so‘mgacha oshiriladi. Yirik loyihalar uchun 10 milliard so‘mgacha moliyalashtirish imkoniyati paydo bo‘ladi. Innovatsion startaplarga 100 ming dollargacha investitsiya kiritishga ruxsat berilishi esa yoshlarni global bozorga chiqishga undaydi.
Shuningdek, “Kelajak tadbirkori” dasturi doirasida yoshlarga 7 yilgacha 15 foizli kreditlar ajratiladi. Garovsiz 20 million so‘mdan boshlab, 2 milliard so‘mgacha moliyaviy yordam berish mexanizmi joriy etilmoqda. Kamida 5 nafar bitiruvchini ishga olgan tadbirkorlarga esa 10 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish ham ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Har bir hududda “Yoshlar biznes inkubatori” tashkil etilib, biznesni boshlashdan tortib marketing va eksportga chiqishgacha kompleks yordam ko‘rsatiladi. Shu bilan birga, kamida 40 ming yoshni tadbirkorlikka o‘qitishga qaratilgan “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturi ishga tushiriladi.
Bunday keng ko‘lamli chora-tadbirlar nafaqat yoshlar farovonligiga, balki mamlakat iqtisodiy o‘sishiga ham xizmat qiladi. Chunki, yoshlarga sarmoya kelajakka sarmoyadir. Innovatsiya, startap va bilimga tayangan iqtisodiyotni shakllantirishda aynan yoshlar hal qiluvchi kuchga aylanmoqda.
Xulosa qilib aytganda, ushbu tashabbuslar yoshlarga bo‘lgan ishonchning amaliy ifodasidir. Ajratilayotgan mablag‘lar orqali ta’minlangan bu imkoniyatlar shunchaki xarajat emas, balki Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining asosiy drayveriga aylanadi. Endi eng muhim vazifa — ushbu imkoniyatlarning har bir yosh hayotida aniq natija berishi. Ana shunda yoshlar nafaqat mamlakatimiz, balki butun mintaqaning iqtisodiy va intellektual rivojlanishining asosiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘ladi.
Muhtarama Komilova yozib oldi, O‘zA