Xalqaro ekspert bilan uchrashuv
Buxoro viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasida Buyuk Britaniyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri – “University of Sussex” universiteti professori, ta’lim falsafasi va maktab yetakchiligi sohasidagi xalqaro ekspert Marselo Starikoff bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda o‘qituvchilarning ta’limga innovatsion pedagogik texnologiyalarni keng joriy etish hamda ta’lim muassasalarida samarali boshqaruv modellarini shakllantirish maqsadida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, professor Marselo Starikoffning ta’lim va maktab yetakchiligiga oid ilmiy-falsafiy yondashuvlariga asoslangan kaskad treninglar tizimini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ushbu treninglar orqali pedagoglar va rahbar kadrlarning bilim, ko‘nikma va kompetensiyalarini bosqichma-bosqich rivojlantirish, ularni zamonaviy ta’lim talablariga moslashtirish maqsad qilingan.

Mazkur yondashuv jahon ta’lim amaliyotida keng tan olingan “The Joy of Not Knowing” – ya’ni bilmaslikni ijodiy va refleksiv o‘rganish imkoniyati sifatida qabul qilish g‘oyasiga asoslanadi. Bu konsepsiya ta’lim jarayonida tayyor javoblarni berishdan ko‘ra, o‘quvchilarda mustaqil fikrlash, izlanish, tahlil qilish, savol qo‘yish, xulosa chiqarish va tanqidiy tafakkur ko‘nikmalarini shakllantirishni ustuvor deb biladi.
Ya’ni ta’lim markazida natija emas, balki o‘rganish jarayonining o‘zi, bolaning fikrlashi, dunyoqarashi, bilishga bo‘lgan qiziqishi va ijodiy izlanishi turadi. Loyihaga doirasida Buxoro viloyatidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilari, umumta’lim maktablari o‘qituvchilari, ta’lim muassasalari rahbarlari keng qamrab olinishi rejalashtirilgan.
Treninglar pedagoglarning zamonaviy pedagogik yondashuvlarini boyitish, ularning kasbiy tafakkurini kengaytirish, ta’lim muhitini ijodiy, insonparvar va qadriyatlarga asoslangan model asosida shakllantirishga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Professor Marselo Starikoff muallifligidagi mazkur falsafiy ta’lim konsepsiyasi ta’lim va maktab rahbarligini faqat boshqaruv tizimi sifatida emas, balki inson farovonligi, qadriyatlar, ma’naviy muhit va jamoaviy rivojlanish modeli sifatida qarash g‘oyasini ilgari suradi.
Zarif Komilov, O‘zA