Tarix chorrahasidagi taqdirlar: O‘zbek zaminidagi qorachoylar
Tarixning keskin burilishlari va geosiyosiy to‘qnashuvlar ba’zan butun bir xalq taqdirini kutilmagan o‘zanga burib yuboradi.
Shimoliy Kavkazning tog‘li hududlaridan minglab chaqirim olisdagi O‘zbekiston zaminiga kelib qolgan qorachoy etnosining qismati bunga yaqqol misoldir. Ularning O‘rta Osiyoga kelishi shunchaki ko‘chish emas, balki imperiyalar manfaati va sho‘rolar davridagi murakkab siyosiy jarayonlarning bevosita natijasi edi. G‘arbiy Qipchoq til guruhiga mansub, sunniylik mazhabiga e’tiqod qiluvchi bu xalq vakillari o‘zga yurtda nafaqat jon saqlab qoldi, balki jamiyatning ajralmas bo‘lagiga aylandi.
Qorachoy xalqining tarixiy yo‘li doimo murakkab sinovlarga to‘la bo‘lgan. XVIII va XIX asr boshlarida mintaqada vaziyat nihoyatda qaltis tus oldi. Turkiya va Qrim xonligi tomonidan uyushtirilgan muntazam hujumlar ijtimoiy hayotga ta’sir o‘tkazdi. 1828-yilga kelib, Qorachoy o‘lkasi Rossiya imperiyasining siyosiy va ma’muriy boshqaruvi doirasiga kiritildi. O‘sha davrda bu hudud Shimoliy Kavkazning iqtisodiy jihatdan qoloq nuqtalaridan biri edi. Xalqning o‘z yozuvi yo‘qligi va savodxonlik darajasi rivojlanishga to‘siq bo‘layotgan edi.
XX asrning boshlari, xususan, 20–30-yillar qorachoy jamiyatida o‘zgarishlar davri sifatida tarixga kirdi. Madaniyat va maishiy hayotda ijobiy siljishlar yuz berdi. Ta’lim tizimining yo‘lga qo‘yilishi va madaniy oqartuv ishlari natijasida qorachoylar rivojlanish bosqichiga chiqdi. Ammo bu taraqqiyotning soyasida boshqa bir mash’um jarayon boshlangan edi. 30-yillardagi jamoalashtirish siyosati bahonasida ko‘plab boy-badavlat xonadonlar, o‘z ishining ustasi bo‘lgan uddaburon xo‘jaliklar “quloq” sifatida O‘zbekistonning Mirzacho‘l hududlariga surgun qilindi. Bu ularning o‘zbek tuprog‘iga ilk majburiy qadami edi.
Qorachoy xalqi boshiga tushgan eng og‘ir sinov Ikkinchi jahon urushi yillariga to‘g‘ri keldi. 1943-yilning oktabr oyidan 1944-yilning martiga qadar davom etgan mash’um deportatsiya jarayonida 12 ming nafar qorachoy vakili o‘z vatanidan chiqarib yuborildi. Ular Qozog‘iston va O‘rta Osiyo hududlariga majburan ko‘chirildi. “O‘zbekistonning etnik atlasi”da yozilishicha, O‘zbekiston o‘sha vaqtda 95 ta oilani, ya’ni 358 nafar insonni qabul qilgan. Tog‘ havosiga o‘rgangan insonlar uchun O‘zbekistonning issiq iqlimi va urush davridagi og‘ir mehnat sharoiti jiddiy sinov bo‘ldi. Biroq o‘zbek xalqining bag‘rikengligi va mehmondo‘stligi ularning omon qolishida hal qiluvchi omil vazifasini o‘tadi.
1956-yilda tarixiy adolat qaror topib, qorachoy xalqi to‘liq reabilitatsiya qilindi. Ko‘plab maxsus ko‘chirilganlar o‘zlarining tarixiy vatanlariga qaytish imkoniga ega bo‘ldilar. Shunga qaramay, bir qism aholi O‘zbekistonni o‘zlarining ikkinchi vatani deb bilib, shu yerda qolishni ma’qul ko‘rdi. Statistik ma’lumotlarga nazar tashlasak, 1979-yilda yurtimizda 289 nafar, 1989-yilda esa 329 nafar qorachoy millati vakili istiqomat qilganini ko‘ramiz. Ular azaldan mohir chorvador va temirchi bo‘lgani bois, asosan qishloq joylarda o‘rnashib, el koriga yaraydigan halol mehnat bilan shug‘ullandilar.
Bugungi kunda O‘zbekiston jamiyatida qorachoy diasporasining o‘z o‘rni bor. Ikkinchi va uchinchi avlod vakillari orasidan ko‘plab yetuk mutaxassislar yetishib chiqdi. Xususan, tarixchi Lyudmila Jukovaning qayd etishicha, 80-yillarda Toshkent Markaziy univermagi direktori lavozimida faoliyat yuritgan polkovnik K.A.Aybaxanov hamda “O‘zoziqovqatsanoatloyiha” institutining bosh muhandisi Z.I.Maxadinov kabi yurtdoshlarimizning xizmatlari tahsinga sazovordir. Ularning faoliyati millatlararo totuvlik va do‘stlik muhitining yaqqol dalilidir.
Qorachoylarning etnografik o‘ziga xosligi ularning oilaviy munosabatlarida yaqqol namoyon bo‘ladi. Katta avlod vakillari yoshlar tarbiyasiga jiddiy e’tibor qaratadilar. Jamiyatda o‘zini tutish odoblari, kamtarlik, kattalarga va ayollarga hurmat kabi an’anaviy qadriyatlar qat’iy nazorat qilinadi. Nikoh to‘ylari va boshqa milliy marosimlar qadimiy urf-odatlarga mos ravishda o‘tkaziladi. Bu yondashuv globallashuv davrida milliy o‘zlikni saqlab qolishning muhim vositasidir.
Shu bois ham O‘zbek zamini turli millat vakillarini birlashtirgan, ularga tinchlik va taraqqiyot uchun imkon bergan makon sifatida tarix sahifalarida qolmoqda.
Alisher Egamberdiyev, O‘zA