Chiroq shu’lasida izlangan ilm (+video)
Yangi loyiha: Akademik
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, Umumiy va noorganik kimyo instituti fosforli o‘g‘itlar laboratoriyasi mudiri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan ixtirochi va ratsionalizator Shafoat Namozov bilan suhbatlashdik.
Olim o‘z bolalik yillarini eslar ekan, ilmga bo‘lgan qiziqish qishloq sharoitida, og‘ir kunlarda shakllanganini ta’kidladi. Otasi erta vafot etgan, onasi qo‘lida tarbiya topgan Shafoat Namozov Surxondaryo viloyati, Sho‘rchi tumanida tug‘ilib, shu yerda maktab ta’limini olgan. Qishloq sharoitida o‘qish oson bo‘lmagan, ammo ilmga bo‘lgan ishtiyoq uni doimo oldinga yetaklagan.
Uning aytishicha, qishning sovuq kechalarida kerosin chirog‘i yonida dars tayyorlash odatga aylangan. Onasi chiroqni o‘chirishni so‘raganida, uni pasaytirib, o‘qishni davom ettirar, onasi uxlab qolganidan keyin esa yana turib dars qilardi. Ana shu mashaqqatli kunlar ilmga muhabbatni yanada mustahkamlagan.
Bolaligidanoq u o‘z oldiga aniq maqsad qo‘ygan — ilm orqali insonlarga foyda keltirish. Bu orzu uni butun umri davomida ilmiy izlanishlarga chorlab kelmoqda.
Shafoat Namozov Toshkent kimyo-texnologiya institutini tamomlab, keyinchalik aspiranturada tahsil olgan.
Olim qishloq xo‘jaligida tuproq unumdorligini va ekinlar hosildorligini oshirish uchun yangi o‘g‘itlar texnologiyasini ishlab chiqqan va u amaliyotga joriy qilingan.
Uning ilmiy rahbari O‘zbekistonning yirik olimlaridan biri akademik Malik Nabiyev bo‘lgan. Ustoz bilan birga olib borilgan ilmiy izlanishlar unga nafaqat kasbiy bilim, balki hayotiy tajriba ham bergan.
Suhbatning to‘liq qismini O‘zAning You Tube sahifasida ko‘rishingiz mumkin.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/yQtfSC8LV4U" title="Chiroq shu’lasida izlangan ilm" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nigora Rahmonova, Oybek Davronov (video),
Ulug‘bek To‘xtayev (montaj), O‘zA