Milliy sport turimizni o‘zimiz tan olmasak kim tan oladi?
O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga kelgan murojaatga ko‘ra, Belolish kurash assotsiatsiyasi milliy sport turlari safiga kiritilmayotgan ekan.
Belolish kurash sport turi 2020 yil boshida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Butunjahon Belbog‘li kurash va belolish kurash assotsiatsiyasi nomi bilan ro‘yxatga olinadi. 2021 yili “O‘zbekiston Belbog‘li, belolish va uch kurash milliy assotsiatsiyasi” nomi bilan qayta ro‘yxatdan o‘tadi.
2021 yil 29 dekabr kuni Sport vazirligi tomonidan Milliy kurash sport turlari qatoriga ham kiritilgan.
Ammo negadir, bir oydan so‘ng 2022 yilning 7 fevral kuni Belolish kurash milliy sport turlari qatoridan chiqarib tashlanadi. 3 yildan buyon Milliy sport turlari qatoriga kira olmayotgan Assotsiatsiya rahbariyati Sport vazirligiga bir necha bor rasmiy xat yo‘llagan. Sport vazirligi esa har doim bir xil mazmundagi javob xatini qaytaravergan.
«O‘zbekiston belbog‘li, bel olish kurashi va uch kurash milliy assotsiatsiyasini (milliy sport turi sifatida qabul qilish) bo‘yicha rejalashtirilgan taqdimot himoyasi joriy yilning aprel oyida o‘tkazilishi rejalashtirilganligi sababli aniq kuni bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishini ma’lum qilamiz”, – deyiladi Sport vazirligining 2023 yil qaytargan javob xatida.
Qisqa va lo‘nda javob javob qaytarilgan rasmiy xatlarda Milliy sport turlari qatoriga kiritilmasligining sababi ochiq aytilmagan.
Shu bois biz ham Sport vazirligi matbuot xizmatidan mazkur masala yuzasidan oydinlik kiritish bo‘yicha murojaat qildik.
«Belolish kurash joriy yilda milliy sport turlari qatoriga qo‘shilishi ko‘rib chiqiladi» deydi, Sport vazirligining matbuot xizmati.
O‘zbekiston davlat Jismoniy tarbiya va sport universiteti Kengashining 2024 yil o‘tkazilgan yig‘ilishida Belolish kurashi milliy sport turi sifatida sport turlari reyestriga kiritilishga ijobiy xulosa ham berilgan. Ammo bu Kengash xulosasi ham vazirlik tomonidan qanoatlantirilmagan.
Assotsiatsiya rahbarining ma’lum qilishicha, 2022 yilda vazirlik tomonidan milliy sport turlaridan Belolish kurashi chiqarib tashlanishi asnosida Sport maktablaridagi 500 nafardan ziyod murabbiy ishsiz qolgan.
Belolish kurash faoliyat boshlagandan buyon O‘zbekiston kubogi va chempionatlarini o‘tkazish bilan birga xorijiy mamlakatlarda ham xalqaro turnirlar tashkillashtirib kelmoqda.
Belolish kurashi bo‘yicha, vazirlik O‘zbekiston chempionati va kubogini o‘tkazish bo‘yicha sport vazirining buyruqlari ham chiqarilgan. Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Hattoki, jahon chempionatlarini ham o‘tkazib kelayotgan o‘zimizning sportimiz nega Milliy sport turlari qatoriga kiritilishiga to‘siqlar bo‘lmoqda?
Aytaversak faktlar ko‘p. Endi ularni bir chetga surgan holda shu millat va shu yurt farzandi sifatida qisqagina mulohaza qilsak:
O‘zbekistonda yuzdan ziyod sport turlari bo‘yicha atletlar tayyorlanadi. Shundan 4 tagina sport vazirlik tomonidan Milliy sport turlari sifatida rasmiy tan olingan. Ammo Belolish kurash bundan mosuvo qolgan.
Nomidan ham ma’lum va mashhur Belolish sport turi bizga begona emas. Qadimiy qo‘lyozma va boshqa topilmalarning guvohlik berishicha, bu sport asrlar emas, minglab yillar mobaynida xalqimizning yaxshi kunlarida xizmat qilib kelgan. To‘y-yu tantanalarda alp yigitlarimiz kurashgan bu sport turi xalqimizning or-nomusiga aylanib ulgurgan edi.
Asrlar mobaynida sayqallanib shakllangan qadimiy qadriyatimiz Belolish kurashimizning buguni kunda fidoyilarimiz tomonidan zamon talablariga javob beradigan qonun-qoidalari ishlab chiqilib, jozibador sport turiga aylantirildi. Manaman degan alp yigitlar Belolishda chempion bo‘lishni orzu qiladi.
Xalqning yaxshi kunlarida xizmat qilgan qadriyatlar zamon zayli bilan unutilmasligi kerak. O‘zganikini emas, o‘zimizning sport turimizni milliy sport turlari qatorida saqlab qolish – ajdodlar oldidagi burch, avlodlar oldidagi qarzdir.
Ajdodlarimiz kuch sinashgan qadriyatimiz kelajak avlodlarga ham yetib borishi lozim. Buning uchun esa bugungi kunda Assotsiatsiya maqomi bilan dunyoga tanilayotgan Belolish kurashimizni ko‘kragidan itarmasligimiz kerak. Aksincha, qo‘llab-quvvatlagan holda kam-u-ko‘stini to‘ldirib, jahon arenalariga olib chiqishimiz lozim.
Shunday ekan, O‘zbekiston Sport vazirligi mutasaddilari ham shu millat farzandi sifatida mulohaza qilib ko‘rishsa, bundan biz ham yana bir bor faxrlangan bo‘lar edik.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/MpSkZy549mE" title="Jahonni zabt etayotgan milliy sport turimiz o‘zimizga sig‘mayaptimi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>