Sportchi yoshlar taqdirlandi
Mamlakatimizda o‘tkazilayotgan “Payshanba – yoshlar kuni” munosabati bilan Andijon shahridagi “Universal” sport majmuasida “Hokim va yoshlar uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi.
Unda Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov turli sohalarda salmoqli yutuqlarga erishgan viloyatning faol, tashabbuskor va ilg‘or yoshlari bilan uchrashib, muloqot o‘tkazdi.
Muloqotda yurtimizda yoshlarga alohida e’tibor qaratilayotganligi, ularning o‘z iqtidor va salohiyatlarini to‘laqonli namoyon etishlari uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotganligi, taklif va tashabbuslari doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlanayotganligi ta’kidlandi.
Jumladan, viloyat hokimi uchrashuvda qatnashgan yoshlarning taklif, muammo va tashabbuslarini eshitdi. Muammolarni hal etish, tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi, ijrosini nazoratga oldi.
Shuningdek, uchrashuvda 2025-yil davomida sportning turli yo‘nalishlarida Osiyo va jahon chempionatlari, kubok bahslarida hamda nufuzli xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishgan andijonlik yosh sportchilar va ularning ota-onalari taqdirlandi.
[gallery-28538]
Ta’kidlash kerak, o‘tgan yili viloyat sportchilari xalqaro sport maydonlarida salmoqli natijalarga erishdi. Jumladan, ular kompleks musobaqalar, Osiyo va jahon chempionatlari, kubogi bahslarida 30 ta oltin, 22 ta kumush, 18 ta bronza, jami 70 ta medalni qo‘lga kiritib, yurtimiz bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tardi.
Muloqotda sportchilarning yutuqlari e’tirof etildi, ana shu yutuqlar viloyat yoshlariga namuna ekanligi alohida qayd etildi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari.