Medallar qo‘lga kiritildi
Joriy yilning 30 yanvaridan 7 fevraliga qadar Toshkent shahrida armrestling va para‑armrestling bo‘yicha Jahon kubogi – World Armwrestling & Para Armwrestling Cup 2026 musobaqalari bo‘lib o‘tdi. Unda dunyoning 24 dan ortiq mamlakatidan 1 600 ga yaqin sportchi, shu jumladan 300 ga yaqin jismoniy imkoniyati cheklangan (para) sportchilar ishtirok etdi.
Musobaqalar o‘smirlar, yoshlar, kattalar va faxriylar o‘rtasida, shuningdek tayanch-harakat a’zolari shikastlangan, ko‘rish va eshitish qobiliyati cheklangan sportchilar uchun ham tashkil etildi.
Para-armrestling bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida ishtirok etgan sirdaryolik sportchilar mazkur xalqaro maydonda munosib ishtirok etishib, 1 ta kumush va 3 ta bronza medalni qo‘lga kiritishdi.
Ayniqsa, kumush medalga sazovor bo‘lgan para sportchi Artur Fayzulinning yutug‘i alohida e’tiborga loyiq. U Sirdaryo tumani Tadbirkorlar mahallasida istiqomat qiladi va bor-yo‘g‘i 3 oy muqaddam ijtimoiy xodim tavsiyasiga ko‘ra, para armrestling sport turi bilan shug‘ullana boshlagan edi. Kuchli iroda va qat’iyat tufayli u qisqa muddat ichida xalqaro maydonda yuqori natijaga erishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri