Yer ochiq auksionlar orqali ijaraga berildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 17 yanvardagi “2025 yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida aholi tomorqalari va ijaraga berilgan qishloq xo‘jaligi yer maydonlaridan samarali foydalanish davlat siyosatida ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. Bu mexanizm aholining daromadini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish va mahalliy darajada bandlikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Guliston tumanida ushbu vazifalar amaliyotga to‘liq tatbiq etilmoqda. Shu kunga qadar tumanda 2 614 ta lot orqali 1 257 gektar yer maydoni ochiq auksionlar orqali ijaraga berildi. Jumladan, ishsiz va daromadi past oilalar tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ekilmoqda, ularning hayotiy darajasi sezilarli darajada oshirildi.

Tahlillarga ko‘ra, 2025 yilda tomorqa va ijara yer maydonlarining 98 foizi asosiy qishloq xo‘jaligi ekinlari bilan qoplangan. Shuningdek, takroriy va to‘qsonbosdi ekinlar orqali hosildorlik yanada oshirildi. “Bir kontur — bir mahsulot” tamoyili asosida 40 gektar yerda 4 ta loyiha amalga oshirilib, mahalliy aholi tomorqalarida zamonaviy va samarali yetishtirish usullari joriy qilindi.
Tumanda 17 mingdan ortiq xonadonga tegishli 2 073 gektar aholi tomorqalari mavjud bo‘lib, ushbu maydonlardan samarali foydalanish va aholi o‘rtasida targ‘ibot va maslahatlar tizimi muntazam ishlab kelinmoqda. Tomorqalardan samarali foydalanish uchun aholiga subsidiya va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralari ham ko‘rilmoqda: eng namunali loyihalar uchun 55,6 mln so‘m, usta dehqonlar tomonidan o‘quv kurslari tashkil etish uchun 51,7 mln so‘m, namunali xonadon tomorqasini tashkil etish uchun esa 118 mln so‘m ajratildi.

Bu chora-tadbirlar aholining barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishi, kambag‘al oilalarning ijtimoiy himoyasi va qishloq xo‘jaligi salohiyatining to‘liq ishga solinishiga xizmat qilmoqda. Tomorqachilikka ustuvor e’tibor qaratilgani tufayli Guliston tumani kambag‘allik va ishsizlikni qisqartirishda ilg‘or hududlar qatoriga kirmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri