“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi: aholi farovonligi barqaror iqtisodiy o‘sish orqali ta’minlanadi
“Taraqqiyot strategiyasi” markazida “Barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash” yo‘nalishi bo‘yicha davra suhbati tashkil etildi.
Tadbir Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi loyihasining jamoatchilik muhokamasiga bag‘ishlandi.
Davra suhbatida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bo‘lim boshlig‘i Jamshid Sharipov so‘zga chiqib, Davlat dasturi loyihasida qayd etilgan vazifalar ijrosi masalasida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan maqsadlar haqida gapirib o‘tdi.
Tadbirda ishtirok etgan vazirlik va idoralar vakillari o‘z yo‘nalishlariga taalluqli vazifalar hamda belgilangan ko‘rsatkichlar haqida tushuntirish berdilar.
Shu bilan birga, YAIMni 167 milliard dollarga yetkazish, iqtisodiyotga 50 milliard AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiya jalb etish, texnologik mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini 114 foizga oshirish hamda xizmatlar bozori hajmini 100 milliard dollardan oshirish kabi vazifalar muhokama qilindi.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ma’lumotiga ko‘ra, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi doirasida YAIM o‘sish sur’atini kamida 6,6 foiz darajada ta’minlash, tovar va xizmatlar bozorida talab va taklif muvozanatini saqlash, energiya samaradorligi bo‘yicha milliy strategiyani qabul qilish, “yashil transport” yechimlarini joriy etish kabi mavzularda fikr almashildi.
A.RUSTAMOV, O‘zA