Muloqot orqali ayollar hayotidagi sinov va ehtiyojlar aniqlanadi
Sirdaryo viloyatida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tashabbusi bilan tashkil etilgan “Tenglik va hurmat” platformasi doirasida navbatdagi tadbir o‘tkazildi. Muloqot Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Sirdaryo viloyati hududiy markazida bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Ombudsmanning Sirdaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili, Ijtimoiy himoya milliy agentligi Sirdaryo viloyati boshqarmasi, viloyat Adliya boshqarmasi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati hududiy vakilining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari hamda Guliston davlat universiteti psixologlari ishtirok etdi.

Hozirda markazda farzandlari bilan birga 3 nafar ayol yashamoqda. Uchrashuv davomida ular bilan ochiq muloqot o‘tkazildi, hayotida duch kelgan qiyinchiliklar, ehtiyojlari va kelgusi rejalari haqida fikr almashildi. Muloqotda, ayniqsa, boshpana masalasiga alohida e’tibor qaratildi, chunki ayrim ayollar o‘z xonadoniga qaytadigan bo‘lsa, yana zo‘ravonlikka uchrashdan qo‘rqadi. Shu bois, ular uchun xavfsiz muhitni ta’minlash va ijtimoiy uy-joy bilan ta’minlash imkoniyatlari ham muhokama qilindi.


Shuningdek, uchrashuv davomida zo‘ravonlik qurbonlarini qo‘llab-quvvatlashga oid huquqiy mexanizmlar, mavjud imtiyoz va himoya choralari haqida kengroq tushuntirishlar berildi. Psixologlar tomonidan esa ayollar bilan ichki xavotir va qo‘rquvlarni yengishga qaratilgan alohida mashg‘ulotlar tashkil etildi, bu ularning emotsional barqarorligini mustahkamlashga va ijtimoiy hayotga qayta moslashishiga yordam berildi.


– Bunday uchrashuvlar ayollar uchun nafaqat qo‘llab-quvvatlash imkoniyati, balki ularning huquqlari va xavfsizligini ta’minlash, shuningdek ijtimoiy va emotsional barqarorlikka erishishda muhim ahamiyatga ega. Muloqot orqali ayollar hayotidagi sinovlar va ehtiyojlar aniqlanadi, ularning xavfsiz muhitda yashashi uchun zarur chora-tadbirlar belgilanadi, – deydi ombudsmanning Sirdaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili Shuhrat Alimov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri