“Tata Steel Chess-2026”: Nodirbekdan mag‘lub bo‘lgan Vinsent Javohir bilan kuch sinashadi
Niderlandiyaning Veyk-an-Zeye shahrida dunyo shaxmat ishqibozlari e’tiboridagi “Tata Steel Chess-2026” turnirining "Masters" guruhi bahslari yuqori nuqtasiga tobora yaqinlashmoqda.
14 nafar grossmeyster ishtirokidagi murosasiz bahslarda hamyurtlarimiz Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorov bosh sovringa da’vogarlik qilmoqda.
Kecha poyoniga yetgan 7-tur musobaqasida Nodirbek Abdusattorov qora donalarda Vinsent Keymer bilan kuch sinashdi va hamyurtimizning ustunligida kechgan o‘yinning 41 yurishida germaniyalik grossmeyster mag‘lubiyatini tan oldi.
Ushbu g‘alabadan so‘ng Abdusattorov 5,5 ochko bilan turnir jadvalida yetakchilikni mustahkamlab olishga muvaffaq bo‘ldi.

Qiziqarli jihati, mazkur turnirning 2023 yilgi bahsida Nodirbek 7 turdan keyin 5,5 ochko, 2024 yilda 4,5 va 2025 yilda 5 ochko jamg‘argandi. Mazkur ko‘rsatkichlar Abdusattorov Veyk-an-Zeye musobaqasida hamisha barqaror va yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etib kelayotganidan dalolat.
Yana bir e’tiborga molik voqelik shuki, Abdusattorov 7-turdagi g‘alabasidan keyin FIDEning LIVE reyting jadvalida 5-o‘ringa ko‘tarilishga erishdi.

Ortda qolgan 7-turda iste’dodli shaxmatchimiz bu yilgi da’vogarlar turniri ishtirokchisi Javohir Sindorov amerikalik Xans Nimannga qarshi dona surdi. O‘yinning 84-yurish holatida tomonlar murosa yo‘lini tanladi.
Bugun, 25 yanvar kuni o‘tkaziladigan 8-tur bahslarida Nodirbek Abdusattorov oq donalarda niderlandiyalik Anish Giri bilan, Javohir Sindorov qora donalarda Vinsent Keymer bilan to‘qnash keladi.

Eslatib o‘tamiz, turnirning qolgan 9-13-turlarida Abdusattorov Sindorov, Vladimir Fedoseyev, Jorden van Forest, Mattias Blyubaum, Arjun Erigaisi bilan, Sindorov esa Abdusattorov, Jorden van Forest, Arjun Erigaisi, Praggnanandxa, Tay Day Van Nguyen bilan kuch sinashadi.
Grossmeysterlarimiz Abdusattorov va Sindorov qarama-qarshiligidagi o‘yin 27 yanvar kuni o‘tadigan 9-turda ro‘y beradi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA