“So‘g‘diyona” yutuqni ushlab turolmadi
Futbolda ba’zan hisob emas, o‘yinning ruhi va dramatizmi yodda qoladi. Toshkent viloyatidagi “Do‘stlik” stadionida kechgan “So‘g‘diyona” — “Qo‘qon-1912” uchrashuvi aynan shunday bahslar toifasiga kiradi. Ilk daqiqalarda bir jamoa hukmronlik qilgan bo‘lsa, ikkinchi bo‘limda maydonda mutlaqo boshqa manzara hukm surdi.
Ikki haftalik tanaffusdan so‘ng qayta boshlangan Superliga bahslari jizzaxliklarning faolligi bilan ochildi. Uchrashuvning dastlabki daqiqalaridanoq “So‘g‘diyona” tashabbusni o‘z qo‘liga oldi. 14-daqiqada Islom Qobilovning chuqur va aniq uzatmasidan so‘ng Feysal Mulich hujumni mantiqiy yakuniga yetkazdi — 1:0.

Bu gol mezbonlarga yanada ishonch bag‘ishladi. Qanotlar orqali tezkor hujumlar, markazdagi bosim — barchasi natija berayotgandek edi. 40-daqiqada esa Lyupcho Doriyev o‘z mahoratini namoyon qildi: u himoyachini bir harakat bilan ortda qoldirib, uzoq masofadan darvozani nishonga oldi — 2:0. Birinchi bo‘lim “So‘g‘diyona”ning to‘liq ustunligida yakunlandi.
Biroq tanaffusdan keyin maydonga boshqa ruhdagi “Qo‘qon-1912” qaytdi.

Mehmonlar ustozi Andrey Shipilov ta’biri bilan aytganda, kiyim almashtirish xonasida “erkakcha suhbat” bo‘lgan edi. Bu gaplar amalda o‘z aksini topdi. 48-daqiqada jamoa sardori Shohruh Gadoyev jarima zarbasini yuksak mahorat bilan ijro etib, hisobni qisqartirdi — 2:1.
Shundan keyin o‘yin yo‘nalishi keskin o‘zgardi. To‘p nazorati, zarbalar soni va paslar aniqligi bo‘yicha ustunlik to‘liq mehmonlar tomoniga o‘tdi. Statistika ham buni tasdiqlaydi: “Qo‘qon-1912” 74 foiz to‘p nazorati va 83 foiz aniq paslar bilan raqibdan sezilarli ustun bo‘ldi.
“So‘g‘diyona” esa ikkinchi bo‘limda ko‘proq himoyaga suyandi. Bu esa tabiiy ravishda bosimni oshirdi. 59-daqiqadagi ustunga tekkan zarba, ketma-ket hujumlar — barchasi gol yaqinligini bildirib turardi.
Nihoyat, 88-daqiqada kutilgan voqea yuz berdi. Zaxiradan maydonga tushgan Javohir Sidiqov burchak to‘pini uzatdi, yana bir zaxira o‘yinchisi — Shota Gvazava esa havoda barchadan ustun kelib, to‘pni darvozaga joyladi — 2:2.
Qisqa vaqt ichida qo‘lga kiritilgan ustunlikni boy bergan “So‘g‘diyona” uchun bu natija, tabiiyki, achchiq qabul qilindi. Jamoa bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoyev ham buni yashirmadi:
— 2:0 dan keyin ikki gol o‘tkazib, durang o‘ynash yoqimli emas. Birinchi bo‘limda barchasi reja asosida ketayotgandi. Ikkinchi bo‘limda esa, ehtimol, jismoniy holat ta’sir qilgandir.
Darhaqiqat, mezbonlar birinchi bo‘limda katta kuch sarfladi. Ikkinchi bo‘limga kelib esa tempni ushlab turish qiyinlashdi. Bu holatdan esa mehmonlar unumli foydalandi.
Andrey Shipilov esa durangni adolatli deb baholadi:
— Birinchi bo‘limni yomon o‘tkazdik. Ammo tanaffusda jiddiy suhbat bo‘ldi. Ikkinchi bo‘limda jamoa butunlay o‘zgardi.
Shu tariqa, raqamlarda emas, xarakter va irodada ustun kelgan o‘yin 2:2 hisobida yakunlandi. Bu bahs “So‘g‘diyona” uchun — imkoniyatni qo‘ldan boy berish, “Qo‘qon-1912” uchun esa — mag‘lubiyatdan qutqarilgan ochko sifatida tarixda qoladi.
Superliganing endigina ilk o‘yinlari o‘tkazildi. Ammo bu kabi dramatik va mazmunli o‘yinlar chempionatning anchagina qiziqarli bo‘lishidan darak bermoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri