O‘zbekistonda tinchlik va barqarorlikni saqlash – davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri
Dunyoda tinchlik va barqarorlikka tahdid solayotgan omillar kun sayin ortib bormoqda. Ziddiyatli global jarayonlar turli xavf-xatarlar keskinlashayotganini ko‘rsatmoqda. Mintaqaviy mojarolarning kengayishi, geosiyosiy raqobatning kuchayishi, terrorizm, kiberxavflar, axborot xurujlari va iqtisodiy bosimlar har bir davlat uchun xavfsizlik masalasini birinchi darajali ustuvor vazifaga aylantirmoqda.
Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Odiljon Mamatkarimov shu haqda munosabat bildirdi:
– Avvalo, xavfsizlik – barqaror taraqqiyotning asosiy sharti. Tinchlik va osoyishtalik mavjud bo‘lmagan jamiyatda iqtisodiy o‘sish, ijtimoiy farovonlik va ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash qiyin. Shu ma’noda, Qurolli Kuchlar va xavfsizlik tizimi faqat harbiy tahdidlarga qarshi turadigan tuzilma emas, balki davlat suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xalqning tinch hayotini kafolatlovchi muhim institut hisoblanadi.
Shu nuqtai nazardan, har bir mamlakat o‘z xavfsizlik va mudofaa salohiyatini mustahkamlashni mudofaa sohasining ichki masalasi sifatidagina emas, balki iqtisodiy taraqqiyot, ijtimoiy barqarorlik va xalq farovonligiga bevosita ta’sir etuvchi strategik yo‘nalish sifatida baholamoqda. Chunki, xavfsiz muhit ta’minlangan joydagina investitsiya oqimi barqaror bo‘ladi, ishlab chiqarish rivojlanadi, infratuzilma va ijtimoiy sohalar izchil taraqqiy etadi, aholi ertangi kunga ishonch bilan yashaydi.
Ana shu talab va ehtiyojlardan kelib chiqqan holda, O‘zbekistonda ham tinchlik va barqarorlikni saqlash, mavjud tahdidlarga qarshi tizimli choralar ko‘rish, Qurolli Kuchlar va xavfsizlik tuzilmalarini zamon talablariga mos ravishda rivojlantirish masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Shu maqsadda 13 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida mamlakat harbiy xavfsizligi va mudofaasini mustahkamlash bo‘yicha muhim vazifa va ustuvor yo‘nalishlar belgilab berildi.
Yig‘ilishda muddatli harbiy xizmatning yangi modeli shakllantirilishi muhim vazifa sifatida qayd etildi. Bu modelda harbiy xizmat faqat jismoniy va harbiy tayyorgarlik bilan cheklanmasdan, yoshlarni mehnat bozoriga tayyorlash va amalda zarur bo‘ladigan kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish bosqichi sifatida qaraladi. Xususan, har bir yosh kamida bitta kasb egasi bo‘lib chiqishi uchun 3-6 oylik kasbga tayyorlash dasturlari ishlab chiqilib, yakunlangach malaka imtihoni orqali kasb sertifikati berish tizimi joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda.
Bundan tashqari, har yili 5 ming nafar askar “Bir million dasturchi” va “Besh million sun’iy intellekt yetakchisi” dasturlari doirasida o‘qitilishi belgilangan. Bu orqali armiyada raqamli ko‘nikmalar va zamonaviy kompetensiyalar shakllantirishga alohida e’tibor qaratiladi. Shu bilan birga, muddatli xizmat davrining o‘zida oliy ta’limga kirish uchun imtihon topshirish imkoniyati yaratiladi. Bu yoshlar uchun vaqt yo‘qotish va tayyorgarlikdagi uzilishlarni kamaytiradi hamda xizmat tugagach oliy ta’limga kechikmasdan kirish imkonini beradi.
Yana bir muhim jihat, xizmatdan keyingi qo‘llab-quvvatlash mexanizmlaridir. Davlatimiz rahbari muddatli harbiy xizmatchilarning ta’lim olishi va kelajakda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish maqsadida sertifikat xarajatlarini qoplab berish hamda foizsiz ta’lim kreditlari berish tartibini joriy etish vazifasini belgiladi. Bu yondashuv yoshlarning oliy ta’limga kirishi va o‘qishni davom ettirishidagi moliyaviy to‘siqlarni kamaytiradi, xizmatdan keyin jamiyatga moslashish jarayonini tezlashtiradi.
Yoshlar bilan ishlash, ma’naviy-ruhiy tayyorgarlik va jamoaviy ruhni mustahkamlash ham zamonaviy armiyaning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Shu bois, sport musobaqalarini kengaytirish, kibersport, dron va robot texnologiyalari kabi zamonaviy yo‘nalishlarda ham uch bosqichli musobaqalar tashkil etish belgilangan. Bu tashabbuslar harbiy muhitda texnologik qiziqish va yangi amaliy ko‘nikmalarni yanada oshirishga xizmat qiladi.
Umuman olganda, belgilangan vazifalar O‘zbekiston armiyasini xalq himoyasiga doimo tayyor, tezkor va yuqori texnologiyali tizim sifatida rivojlantirishga qaratilgan. Qo‘shinlarni robotlashgan majmualar, uchuvchisiz tizimlar va zamonaviy razvedka vositalari bilan jihozlash, shuningdek, mudofaa sanoatida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektning keng joriy etishga ustuvor ahamiyat berilayotgani ham ayni shu maqsadning amaldagi ifodasidir.
Xulosa qilib aytganda, bugungi tahlikali va tez o‘zgarayotgan dunyoda xavfsizlik va mudofaa tizimi mamlakat barqarorligi, suvereniteti va xalq xotirjamligining ishonchli tayanchi bo‘lib xizmat qiladi. Xavf-xatarlarni oldindan anglash, zamonaviy texnologiyalar va kiberhimoyani kuchaytirish, jangovar shaylik bilan birga kadrlar tayyorlash hamda harbiy xizmatchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar tinch hayotni mustahkamlash va taraqqiyot uchun xavfsiz muhit yaratishga xizmat qiladi.
Qolaversa, tinchlik o‘z-o‘zidan kelib qoladigan ne’mat emas – u har kuni himoya va mas’uliyat talab qiladi. Shu ma’noda, xavfsizlik va mudofaa kuchlari mamlakat osoyishtaligini asrovchi qalqon, xalqning ertangi kunga ishonchini mustahkamlovchi kuchdir. Agar jamiyat Vatan tinchligiga daxldorlik tuyg‘usi bilan birlashsa, armiya va xalq bir maqsad atrofida hamjihat bo‘lsa, barqarorlik yanada mustahkamlanadi va farovonlik uchun keng imkoniyatlar ochiladi.
N.Abduraimova,
O‘zA