O‘zbekiston va Turkmaniston: global tinchlikning Markaziy Osiyo formulasi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmaniston poytaxti Ashxobodda Turkmaniston doimiy betarafligining 30 yilligi, Xalqaro betaraflik kuni hamda 2025 yil “Xalqaro tinchlik va ishonch yili” deb e’lon qilinganiga bag‘ishlangan xalqaro forumdagi ishtiroki va nutqi ikki qardosh davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarining chuqurligini, shuningdek, mintaqaviy va global siyosatda tinchlik hamda barqarorlikni mustahkamlash borasidagi umumiy qarashlarning yorqin namoyoni bo‘ldi. Forumda qator davlatlar yetakchilarining qatnashgani tadbirning xalqaro ahamiyati yuqori ekanini tasdiqladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonni doimiy betaraflikning 30 yilligi bilan samimiy tabriklab, ushbu qutlug‘ sana Turkmanistonning dunyoning barcha mamlakatlari bilan tinch, ishonchli, do‘stona va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga doimo sodiq bo‘lib kelayotganini e’tirof etdi. Davlatimiz rahbari Turkman xalqining zamonaviy o‘ziga xosligining ajralmas qismiga aylangan betaraflik siyosati uning chuqur tarixiy an’analari, olijanoblik, bag‘rikenglik va yaxshi qo‘shnichilik kabi ezgu fazilatlariga tayanishini alohida qayd etdi. Shu munosabat bilan Turkmanistonning Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda Tinchlik va betaraflik universitetini tashkil etish bo‘yicha tashabbusi O‘zbekiston tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlandi.
Nutqda Yangi O‘zbekiston uchun jahonga ochiqlik, o‘zaro hurmat va muloqotga intilish fundamental qadriyatlar ekanligi ta’kidlandi. Umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lida birdamlik bo‘yicha ilgari surilgan Samarqand tashabbusi, tinchlik, totuvlik va barqaror taraqqiyot uchun intilayotgan barcha tomonlarni muloqotga jalb etishga qaratilgan siyosiy irodaning ifodasi bo‘ldi.
Shuningdek, O‘zbekistonning Qo‘shilmaslik harakatidagi bo‘lajak raisligi davrida mamlakatimiz tinchlik va zo‘ravonlikdan xolilik madaniyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha global harakatni rag‘batlantirish, siyosiy muloqot asosida davlatlar o‘rtasida ishonchni mustahkamlash, jahonda bag‘rikenglik, hamjihatlik va birdamlik muhitini qaror toptirishni bosh ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilashni maqsad qilgan. Bundan tashqari, kelgusi avlodlar manfaatlari yo‘lida mojarolarni hal qilish borasidagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 2027 yilni Preventiv diplomatiya yili deb e’lon qilish rejalashtirilgan bo‘lib, uning doirasida tegishli tadbirlar dasturi qabul qilinadi.
Prezidentimiz global miqyosda keskinlik saqlanib qolayotgan va davlatlar o‘rtasida ishonch zaiflashayotgan hozirgi sharoitda tinchliksevarlik va vositachilik tamoyillariga umumiy sodiqlik har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etib borayotganini ta’kidladi. Aynan shu sababli ham O‘zbekiston Turkmanistonning 2025 yilni “Xalqaro tinchlik va ishonch yili” deb e’lon qilish haqidagi taklifini to‘liq qo‘llab-quvvatladi va BMT Bosh Assambleyasining tegishli rezolyutsiyasining hammuallifi bo‘ldi.
O‘zaro ishonch, hurmat va jipslik tamoyillari Markaziy Osiyoni tinchlik, hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilik makoniga aylantirish borasidagi siyosatning ham asosi ekanligi qayd etildi. O‘tgan oyda Toshkentda bo‘lib o‘tgan mintaqa davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi hamjihatlikni mustahkamlash, mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha birgalikdagi harakatlar, ko‘pqirrali iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanimizni yana bir bor ko‘rsatdi. Shu nuqtai nazardan, Turkmanistonning konstruktiv va tinchliksevarlik siyosati Markaziy Osiyoda barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashning muhim omili ekanligi alohida urg‘ulandi.
Davlatimiz rahbari o‘zaro hurmat, ishonch va hamjihatlikka asoslangan gumanitar hamkorlikni ilgari surish muhimligini ta’kidlab, kelgusi yili Toshkentda “Madaniyatlar muloqoti” qo‘shma xalqaro gumanitar forumini tashkil etish va “Yoshlar tinchlik va ishonch yo‘lida” mintaqaviy dasturini joriy etishni taklif qildi.
Shu bilan bir qatorda, O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalar so‘nggi yillarda strategik xususiyat kasb etib, tovar ayirboshlash hajmi 2017-2024 yillar davrida 6,4 baravarga oshib, 1,14 milliard dollardan oshdi. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi uchrashuvlar davomida yaqin istiqbolda tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish maqsadi belgilandi.
Bu maqsadga erishish uchun “Shovot-Toshhovuz” chegaraoldi savdo zonasining ishga tushirilishi muhim vosita bo‘ladi. Shuningdek, ikki mamlakatning barcha viloyatlari ishtirokida uchinchi forumni Xiva shahrida o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Energetika sohasida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, elektr energiyasi tranziti bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish va istiqbolli konlarni birgalikda o‘zlashtirishga kelishib olindi.
Transport va logistika sohasida yuk tashish hajmini oshirish, Turkmanboshi portini birgalikda rivojlantirish va poytaxtlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni qayta tiklash bo‘yicha kelishuvlar, O‘zbekistonga eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar beradi. Sanoat kooperatsiyasining yorqin misoli sifatida “Turkmaniston-Motors” va “O‘zavtosanoat” o‘rtasida avtomobil ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish loyihasi alohida o‘rin egalladi.
Davlatimiz rahbari so‘zining yakunida, O‘zbekiston dunyoda adolatli va barqaror tartibotni barpo etishga bundan buyon ham amaliy hissa qo‘shishga tayyorligini yana bir bor ta’kidladi.
Xulosa qilib aytganda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Ashxoboddagi murojaati va erishilgan strategik kelishuvlar O‘zbekiston-Turkmaniston munosabatlarining siyosiy, iqtisodiy va gumanitar jihatdan yuksak darajada ekanligini tasdiqladi. Bu munosabatlar nafaqat ikki davlatning o‘zaro taraqqiyoti, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va farovonlikni ta’minlashga xizmat qiluvchi muhim omil bo‘lib qolmoqda.
A.G‘afforov, O‘zA