“PAVLONIYA FEST – 2026”: sayyohlar oqimi ortmoqda
Andijon shahrida 5-aprelga qadar “Pavloniya gullari ostida oqshomlar” festival-sayllari o‘tkazilmoqda. Festivalning asosiy maqsadi, shaharning go‘zal va o‘ziga xos manzarasini, obodligini targ‘ib qilish, sayyohlarni jalb etish, andijonliklar va shahar mehmonlariga xush va ko‘tarinki kayfiyat ulashish, ularning qalbida ona tabiatga muhabbat, tinch va xotirjam hayotimizga shukronalik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga qaratilgan.
Ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tayotgan “Pavloniya Fest – 2026” festivali doirasida madaniy-ma’rifiy tadbirlar, konsert dasturlari, milliy hunarmandchilik va gastronomik ko‘rgazmalar, sayillar tashkil etilmoqda.
Xususan, festivalning birinchi kunida Andijon shahrining Oltinko‘l ko‘chasi bo‘ylab ommaviy yurish tadbiri, xalq orasida “Registon” deb ataladigan – “Jome” me’moriy majmuasida hunarmandchilik mahsulotlari yarmarkasi tashkil etildi va konsert dasturi namoyish etildi. Festival tadbirlari andijonliklar, shahar mehmonlariga yuqori ko‘tarinkilik ulashdi.
[gallery-28508]
– Men festival tadbirlarida bir guruh hamkasblarim bilan qatnashyapman, – deydi oltinko‘llik pedagog Umidaxon Mamajonova. – Tadbirlarning ommaviy, xalq sayli tarzida o‘tayotganligi, odamlar, ayniqsa, yoshlarga yuqori kayfiyat, bir olam quvonch ulashayotganligini oddiy so‘zlar bilan ta’riflash qiyin. Yurtimiz hamisha tinch, to‘y, bayram va tantanalarimiz bardavom bo‘lsin.
Festivalning ikkinchi kuni keng jamoatchilik vakillari, yoshlar ishtirokida Andijon shahrining Yusuf Otabekov ko‘chasi bo‘ylab ommaviy yurish tadbiri o‘tkazildi va universal sport majmuasida konsert dasturi namoyish etildi.
Umuman, festival tadbirlari yurtdoshlarimizga ko‘tarinki kayfiyat ulashish, ko‘ngilli hordiq chiqarish bilan birga, sayyohlar oqimini yanada ko‘payishga xizmat qilmoqda.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari.