2026 yilda inflyatsiya darajasi 7,5 foizga pasayishi kutilmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilmoqda. Qonun loyihasi yuzasidan Bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.Qo‘chqorov ma’ruza qilmoqda.
Ta’kidlanganidek, qonun loyihasida O‘zbekiston iqtisodiyotida yalpi ichki mahsulotning real o‘sish sur’ati 2026 yilda 6,6 foizga oshib, aholi jon boshiga 4 ming 26 dollarni tashkil etishi ko‘zda tutilmoqda. O‘sish sur’atlari esa sanoatda 6,4 foiz, qishloq xo‘jaligida 4,2 foiz, bozor xizmatlarida 14,5 foiz, qurilishda 10,2 foiz bo‘lishi prognoz qilingan.
Inflyatsiya darajasi ko‘rsatkichi kamayishi kutilmoqda. Xususan, 2024 yildagi 9,8 foizdan 7,5 foizga pasayishi kutilmoqda.
[gallery-26532]
Shu bilan birga, 2026 yilda konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari prognozi 515,4 trillion so‘m, xarajatlari prognozi 567 trillion so‘m miqdorida, konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3,0 foiz, tashqi qarzning cheklangan hajmi joriy yilga nisbatan kamayib, 5 milliard AQSH dollari miqdorida belgilash ko‘zda tutilgan. Joriy yilda davlat tashqi qarzining cheklangan miqdori 5,5 milliard etib belgilangan edi.
Xizmatlar sohasida yuqori bilim va texnologiyalarni rivojlantirish, xususan, sun’iy intellekt asosida dasturiy loyihalar va ko‘rsatilgan xizmatlar hajmini 10 million dollardan 200 million dollarga ko‘tarish choralari ko‘riladi.
Turizm salohiyati yuqori bo‘lgan 150 ta mahallada infratuzilmani yaxshilashga 5000 ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan.
Elektr energiya ishlab chiqarishda qo‘shimcha quvvatlar yaratiladi. 250 ta mahallada 350 ta sanoat loyihalari, 50 ta mahallada mikrosanoat markazlari tashkil etiladi.
Muhtarama Komilova,
Nosir Haydarov (surat),
O‘zA