Sankt-Peterburgda transport va logistika bo‘yicha xalqaro forum boshlandi
Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida transport sohasidagi yetakchi mutaxassislar va rasmiylarni birlashtirgan xalqaro transport-logistika forumi ish boshladi. Tadbir jahon transport tizimidagi eng dolzarb muammolarni muhokama qilish va hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash uchun asosiy maydon sifatida xizmat qilmoqda.
Anjuman doirasida raqamlashtirish, innovatsiya va transport sohasidagi normativ bazani xalqaro standartga moslashtirish, logistika zanjiri samaradorligini oshirish va yangi texnologiyalarni joriy etish kabi masalalar atroflicha muhokama qilinyapti.
Ushbu xalqaro muloqotda O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri Ilhom Mahkamov ham ishtirok etib, mamlakatimizning transport salohiyati va istiqbolli loyihalari haqida ma’lumot berdi.
3-aprelga qadar davom etadigan forum nafaqat tajriba almashish, balki istiqbolli xalqaro kelishuvlarga erishish va yirik transport loyihalarini boshlash uchun qulay imkoniyat yaratadi.
F. Yaxshiboyeva, O‘zA