Kartoshka yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari joriy etilishi belgilandi
Kartoshkachilikni rivojlantirish borasida Jizzax viloyati namuna bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi. Buning uchun, eng avvalo, sifatli va serhosil kartoshka urug‘chiligini yo‘lga qo‘yish kerak.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda.
2026 yildan boshlab kartoshka yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari joriy etilishi belgilandi.
Bunda mineral o‘g‘it, texnika, yoqilg‘i va boshqa xarajat uchun 6 oylik imtiyozli davr bilan bir yil muddatga 12 foizli kredit ajratiladi.
Kreditlarning 50 foizgacha qismiga kafillik taqdim etiladi, sug‘orish nasoslariga quyosh paneli o‘rnatish xarajatining yarmi qoplab beriladi.
Kartoshka yetishtiruvchilar uchun yana bir muhim yangilik: kelgusi yildan sug‘orish nasoslari elektr xarajatining 50 foizi qoplab beriladi, chetdan olib kelingan kartoshka ekish va yig‘ib olish texnikalari bojxona bojlaridan ozod qilinadi.
Shuningdek, super elita va elita urug‘larini fermerlarga yetkazib berishgacha bo‘lgan davrda muzlatkichli omborxonalarda saqlash xarajatining 50 foizini qoplab berish mexanizmi joriy qilinadi.
O‘zA