Tadbirkorlar yangi loyihalar uchun sanoat zonasini yetarli quvvatda elektr bilan ta’minlash va suv tozalash inshooti qurib berishni so‘ramoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda.
“Jizzax” erkin iqtisodiy zonasidagi 510 million dollarlik 30 ta loyiha hisobiga 10 mingga yaqin odamning bandligi ta’minlandi. Bu yerda yana 540 million dollarlik loyihalar jadal ketmoqda.
Tadbirkorlar yangi loyihalar uchun sanoat zonasini yetarli quvvatda elektr bilan ta’minlash va suv tozalash inshooti qurib berishni so‘ramoqda.
Energetika vazirligiga bu yerga 40 kilometr yuqori kuchlanishli tarmoq tortib kelib, 40 megavattli podstansiya qurish topshirildi.
2026 yil sanoat zonalari infratuzilmasini rivojlantirish dasturida “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida suv tozalash inshooti qurish uchun 100 milliard so‘m nazarda tutish vazifasi qo‘yildi.
Ilgari viloyatning elektr ta’minoti to‘liq Shirin GESi hisobidan bo‘lgan. O‘tgan yili “Masdar” kompaniyasi G‘allaorolda 220 megavattli quyosh stansiyasini ishga tushirdi.
Prezidentimiz bu ishlarni jadal davom ettirib, xitoylik hamkorlar bilan joriy yil 200 megavatt, keyingi yil 300 megavattli quvvatlar yaratilishini ta’kidladi. Bunga qo‘shimcha 30 megavattli 150 ta kichik va mini GESlar ishga tushiriladi.
O‘zA