Toshkent Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuviga hozirlik ko‘rmoqda. Sammit arafasida Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo – yangi davr ostonasida” maqolasi e’lon qilindi.
Biz o‘tgan yillar davomida mintaqada ko‘p evrilishlarning guvohi bo‘ldik. O‘z davrida Markaziy Osiyo iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, “Turkiston – umumiy uyimiz”, “Markaziy Osiyo hamkorligi” tashkiloti va yana bir qancha tuzilmalarga asos solindi. Ularning biri negizida ikkinchisi paydo bo‘laverdi, go‘yo mintaqa rivojlanishning yangi pallasiga kirgandek. Oxirgisi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YevrAzES) bilan birlashdi va shu bilan mintaqamizdagi “tashkilotchilik” yakuniga yetdi.
Natija haqida esa so‘zlashga arzigulik hech gap yo‘q. Davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar qanday bo‘lgan esa, shundayligicha qolib ketaverdi. Deylik, suv-energetika muammolari qurolli mojaro haqidagi gaplar ovoza bo‘lishiga qadar keskinlashdi. Chegaralar delimitatsiyasi va demarkatsiyasi borasida ham biror siljish kuzatilmadi. Sammitlarda o‘zaro ishonch va manfaatdorlik haqida jar solinsa-da, bu “ishonch va manfaatdorlik”ning aslida qanday ekanini yillar davomidagi yopiq chegaralar yaqqol ko‘rsatib turdi.
Ochig‘ini aytganda, mintaqadagi million-million xalqlarning hayoti va taqdiri davlat tepasida bo‘lgan sanoqli shaxslarning ko‘ngliga, kayfiyatiga, doim murakkab bo‘lib kelgan o‘zaro munosabatlariga, noodil va serg‘araz ambitsiyalariga qaram edi. Vaholanki, hammamiz ham chegaradoshmiz, azal-azaldan bordi-keldi qilganmiz. Mustaqillik yillarida ham ezgu asriy an’analarga sodiq qolib, qiz olib, qiz berdik. Lekin mustaqil bo‘lib, shu to‘ylardan keyin bir-birimizni yo‘qlashimiz, bir-birimiz bilan diydorlashishimiz nihoyatda qiyinlashib ketdi.
Suv haqida gapiradigan bo‘lsak, “buyuk og‘a”lik otidan tushgan bo‘lsa-da, faqat egarda o‘tirganini tan olmaydigan “xayrixoh vositachilar” bizga kelganda O‘zbekiston tomon bo‘lib, qo‘shnimizga borsa, uning tarafiga o‘tib, orani buzishdan nariga o‘tmadi. “Xolis tahlilchilar” bir kun bizni, bir kun qo‘shnimizni yoqlab maqola yozaverdi. Buning o‘yinligi ko‘rinib turgan bo‘lsa-da, davlat tepasidagi siyosat odamlari mamlakatlararo muammolarni shaxsiy adovatga aylantiraverdi.
Qo‘shnilar o‘rtasidagi munosabatlar haqida gap ketganda, “eng yomoni nima?” deb so‘rashsa, eskilar “teskari qarash”, “ko‘rmaganga olish” deb javob bergan. Xalqlarimiz bir-biri bilan ming yillar davomida do‘stlashib kelgan, o‘z vaqtida bir mayizni qirqqa bo‘lib yegan, lekin Markaziy Osiyo siyosat maydonida “dona suruvchilar”ning shaxsiy munosabatlarga asoslangan yo‘li va qadamlari bu birdamlikni barbod qilgan edi hisobi.
Mutlaqo yangi yondashuv Maslahat uchrashuvlari formati yo‘lga qo‘yilgan 2017 yildan boshlandi. Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Prezidentlar birinchi marta tashqi vositachilarsiz tizimli va muntazam muloqot qilishga kirishdi. Shu tariqa ishonchga, ochiqlikka, umumiy manfaatlarni anglash va qadrlashga asoslangan yangicha siyosiy tafakkur qaror topdi. Shu davrdan boshlab eskidan qolgan bir qator kelishmovchiliklarni bartaraf etish va ishonchsizlikdan haqiqiy hamkorlikka o‘tishga erishildi.
Prezident maqolasida ta’kidlanganidek, yangi bosqichning eng muhim yutuqlaridan biri chegara masalalari uzil-kesil hal etilganidir. Yaqin-yaqingacha imkonsiz tuyulgan bu muammoning yechimi bugun kundalik voqelikka aylandi, o‘shanda bizni ajratib turgan chegaralar endi do‘stlik va hamkorlik robitalari bo‘lib xizmat qilyapti. Mana, aytaylik, 2023 yil sentyabr oyidan boshlab, O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari chegaradan ID-kartalar asosida o‘tyapti. 10 yil oldin buni tasavvur qilish emas, xayolga ham keltira olmas edik. Hozir davlat chegaralarining barchasi huquqiy jihatdan rasmiylashtirilgan, o‘nlab yillar davomida keskinlik manbai bo‘lib kelgan barcha masala va muammolarga nuqta qo‘yilgan.
Qo‘shnilik – xavf emas, balki imkoniyat ekanini, bir tomonning muvaffaqiyati barchaning umumiy yutug‘i bo‘lishini bilardik, lekin tan olishni istamas edik. Endi bu o‘tmishga aylandi.
Bugun komil ishonch bilan aytish mumkinki, Markaziy Osiyo birlashdi va birdamlashdi. Endi orqavarotdan gapirish emas, yuzma-yuz muloqot qilish, bir-birining tagiga suv quyish emas, bir-biriga yelkadosh bo‘lish tendensiyasi mustahkamlanyapti. Eng og‘riqli muammolar, ta’kidlanganidek, hal etildi. Endi dolzarb strategik vazifalarni belgilash va birgalikda amalga oshirish pallasi kirdi. Bunday vazifalar sirasiga, masalan, “Markaziy Osiyo – yangi davr ostonasida” maqolasida qayd etilganidek, erishilgan kelishuvlarni fuqarolar va biznes uchun aniq natija va qulayliklarga aylantirish kiradi. Negaki, Markaziy Osiyo qarorlar shunchaki hujjat sifatida emas, balki mintaqa mamlakatlarida barqaror rivojlanishni ta’minlash va odamlarning kundalik hayotini yaxshilash uchun qabul qilinadigan, imkoniyatlardan birgalikda foydalaniladigan umumiy makonga aylanishi kerak. Bu iqtisodiy ahamiyatga molik yo‘nalish.
Bu yog‘iga sanasak, transport kommunikatsiyalari, oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, elektr energetikasi, uglevodorod zaxiralari, mineral o‘g‘itlar, o‘simliklar mikrobiologiyasi, yuqori texnologiyalar, avtomobilsozlik kabi bir-biridan muhim sohalar maydonga chiqaveradi. Qaysidir davlatda talab-ehtiyoj, yana qaysisidadir taklif bor. Demak, biz bir-birimizni to‘ldiramiz. Talablarimiz yo takliflarimiz bir xil bo‘lib qolsa-chi?! Bu yana ham yaxshi. Negaki, tashqi bozorga yo‘llarni birgalikda takomillashtiramiz va hamkorlikda diversifikatsiya qilamiz. Muhimi shuki, Markaziy Osiyo bugun adovat va xufya raqiblik hamma uchun zarar ekanidan, hamkorlik va hamjihatlik avvalo o‘zimiz uchun foydaliligidan kelib chiqib ish ko‘ryapti.
Buni ilgari bilardik, afsuski, amal qilmasdik...
Globalizatsiyaning ijobiy jihatlari bilan birga salbiy tomonlari ham bor. Geosiyosiy va geoiqtisodiy kurashlar, ekologik bo‘hronlar, energetika muammolari, pandemiyalar xavfi kabi tahdidlar bizdan yanada jips va hamjihat bo‘lishni talab qilyapti. Chunki bu tahdidlarning birortasiga qarshi yakka holda kurashib bo‘lmaydi. Bu esa xavfsizlik yo‘nalishidir.
Yirik davlatlarning, har xil bloklar va shularga o‘xshash tuzilmalarning geosiyosiy kurashlari ba’zan ularga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan mintaqalarda tashvish uyg‘otishi sir emas – ular yo o‘z domiga tortadi, yo o‘z muxolifiga qarshi pozitsiyani egallashga majburlaydi. Bu – eng yengili. Ayrim hollarda ba’zi davlatlar shunchaki ularning yo‘lida uchrab qolgani uchun “aybdor” bo‘lib qolishi hech gap emas. Geoiqtisodiy kurashlar to‘g‘risida ham shunday fikr bildirish mumkin. Bunday tahdidlar fikran birlashgan, siyosiy, iqtisodiy va gumanitar jihatdan jipslashgan mamlakatlarga ta’sir o‘tkaza olmaydi. Har holda, ko‘pchilik – o‘z nomi bilan ko‘pchilik.
“Markaziy Osiyo – yangi davr ostonasida” maqolasida Maslahat uchrashuvi formatining ahamiyati, bugungacha amalga oshirilgan ishlar, oldimizda turgan vazifalar – barcha-barchasi batafsil sarhisob qilingan va tahlil etilgan. Shu bois so‘zni muxtasar qilsak. Xalqimiz “qo‘shning tinch – sen tinch” deydi. Yana ota-bobolarimiz aytib ketganki, “uzoqdagi qarindoshdan yaqindagi qo‘shni yaxshi”.
Kaminaga esa, Imom Buxoriy nomidagi muassasa rahbari sifatida mavzuga doir hadis keltirishga ijozat bersangiz.
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Menga Jabroil qo‘shniga yaxshilik qilishni (hadeb) buyuraverganidan uni merosxo‘r ham qilib qo‘yarmikan, deb o‘ylab qoldim”, dedilar”(Oltin silsila. Sahihul Buxoriy, 7-juz. – Toshkent: Hilol-nashr, 2018. - B. 425.).
Ya’ni, muqaddas dinimizda qo‘shniga shu qadar ulug‘ maqom berilganki, unga salkam merosxo‘rdek (jigardek) qarash kerak.
Yana bir rivoyatda esa boshqa fikr uchun asos bor.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, qo‘shnisiga ozor bermasin! Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, mehmonini ikrom qilsin! Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, yaxshi gap aytsin yo jim tursin!”(Oltin silsila. Sahihul Buxoriy, 7-juz. – Toshkent: Hilol-nashr, 2018. - B. 427.).
Islom qo‘shniga ozor berishni keskin qoralaydi.
Binobarin, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi jamoasi butun xalqimiz bilan birga Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining poytaxtimizda bo‘lajak uchrashuvi to‘g‘risidagi fikriga to‘liq qo‘shiladi. Toshkent sammiti barqaror va farovon Markaziy Osiyoni birgalikda barpo etishda yangi muhim bosqichni boshlab beradi!
Davlat rahbarlarining Toshkentdagi uchrashuvi biz boshlagan yo‘lning davomi sifatida mamlakatlarimizning o‘zaro anglashuv va sheriklik ruhiga sodiqligini tasdiqlashi, mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirishda tub burilish yasashi kerak.
Albatta shunday bo‘lg‘usidir.
Shovosil ZIYODOV,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy
xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori,
tarix fanlari doktori, professor.
O‘zA