Tibbiyot davlat va xalq o‘rtasidagi ko‘prikka aylandi
Samarqand viloyati hokimligida tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev tadbir ishtirokchilari va ularning timsolida samarqandlik tibbiyot xodimlari va soha faxriylarini kasb bayrami bilan qutladi.

– Bugun mamlakatimizda aholiga yuqori sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini yaratish ustuvor vazifa sifatida belgilangan, – dedi A.Boboyev. – Prezidentimizning tibbiyot davlat va xalq o‘rtasida ko‘prik bo‘lishi kerak, degan da’vatiga mos tarzda sohada keyingi yillarda misli ko‘rilmagan islohotlar amalga oshirildi. Tibbiyot xalqqa yaqinlashtirilib, avvalo birlamchi bo‘g‘inda aholiga tezkor va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Ixtisoslashtirilgan tibbiy markazlar va hududlarda ularning filiallari tashkil etildi. Eng muhimi, ushbu muassasalar zamonaviy tibbiy asbob-uskuna va jihozlar bilan ta’minlandi, xorijdagi malakali mutaxassislar ishga jalb qilindi, o‘zimizning tibbiyot xodimlarimiz chet mamlakatlardagi nufuzli klinikalarda bilim va malakasini oshirib keldi.
Buning natijasida shu paytgacha xorijda yoki poytaxtimizdagi tibbiyot markazlarida amalga oshirilgan 320 turdagi yuqori texnologik operatsiyalar viloyatdagi muassasalarda bajarilmoqda. Joriy yil boshidan buyon 3000 nafardan ortiq bemorda ana shunday jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Shuningdek, 3 nafar bemorda autologik suyak ko‘migi o‘zak hujayralari transplantatsiyasi, 23 nafar bemorda jigar transplantatsiyasi va 125 nafar bemorda buyrak transplantatsiyasi operatsiyalari muvaffaqiyatli vamalga oshirildi.

Joriy yilda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tajriba sifatida viloyatning Ishtixon va Bulung‘ur tumanlari hamda Samarqand shahrida birlamchi tibbiyot muassasalari faoliyati takomillashtirildi. Yangi yildan bu tizim boshqa tuman va shaharlarda ham joriy etildi.
Aholi o‘rtasida yurak-qon tomir kasalliklarini erta aniqlash, skring ko‘riklarini amalga oshirish maqsadida tumanlarda mobil angiograf tekshiruvlari yo‘lga qo‘yildi. Yil boshidan buyon tumanlarda 6677 nafar fuqaro koronarografiya tekshiruvidan o‘tkazilib, kasallik aniqlangan 754 nafar bemorda toj arteriyalarni stentlash va 300 nafarida yurakda ochiq jarrohlik amaliyotlari mahalliy byudjet va davlat sug‘urta jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bajarildi.

Yana bir yangilik: bu yil viloyatga qariyb 1,5 milliard so‘mga elektron mikroskop keltirilib, 35 nafar bemorning eshitish qobiliyati tiklandi va nogironlikdan chiqarildi.
Viloyatda xususiy tibbiyotni rivojlantirishga qaratilgan e’tibor va yaratilgan imkoniyatlar natijasida bugungi kunda 700 ga yaqin katta-kichik nodavlat klinikalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular mahalliy aholi bilan birga xorijiy davlatlar fuqarolariga ham tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda. Ana shu sa’y-harakatlar natijasida yil boshidan buyon tibbiy xizmatlar eksporti 1 million AQSH dollarini tashkil etdi.

Tadbirda bir guruh tibbiyot xodimlariga Sog‘liqni saqlash vazirligining “Sog‘liqni saqlash a’lochisi”, “Xalq salomatligi posboni” ko‘krak nishoni va tashakkurnomasi hamda viloyat hokimligining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA muxbirlari