Turkiyada nashr etiladigan “SANATKıbrıs” gazetasining 2025 yil aprel oyidagi 50-sonida e’lon qilingan buyuk muhaddis Imom Buxoriy va uning ilmiy merosi haqidagi maqola shunday nomlandi.
Muallif Niso Yilmaz xonim ulug‘ muhaddisning hayoti, ilmiy merosi va islom ilmlari ravnaqida tutgan o‘rnini keng qamrovda yoritadi. Bunda Imom Buxoriyning ilmga baxshida umri, uning yoshlikda Qur’on va hadislarni yod olib, ilm talabida qilgan safarlari, hadis saralashdagi harisligi va adolatparvarligi borasida ilmiy asoslangan tahlili va samimiy mulohazalarini bayon etgan.
Maqolada, shuningdek, “Al-Jomi’ as-sahih” asarining ilm ahli orasidagi yuksak qadri alohida ta’kidlangan. Muallif ushbu asarni nafaqat hadis to‘plami, balki butun islom sivilizatsiyasining yuksalishi yo‘lidagi muhim manba sifatida ta’riflaydi. Asarning islom ilmlari rivojida tutgan o‘rni va ishonchlilik mezonlari haqida ma’lumotlar keltiradi.
Bundan tashqari, maqolada Samarqandning ma’rifat beshigi sifatida Islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rniga alohida e’tibor qaratilib, Imom Buxoriy hayotining mazkur muazzam shahar bilan bog‘liq jihatlari aks ettirilgan.
Niso Yilmaz Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil topishi, maqsad va vazifalari, xalqaro miqyosda hamkorlikda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlardagi nufuziga ham alohida to‘xtalgan. Bugungi kunda Markazning buyuk allomalar ilmiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilishdagi yuksak ahamiyatini samimiy e’tirof etgan.
Maqola o‘quvchiga tarixiy ma’lumot berish bilan birga ma’naviy ilhom ham bag‘ishlaydi. Unda Islom tamaddunining ilmiy asoslari Imom Buxoriy siyrati misolida zamonamiz kishilari uchun ibrat va ilhom manbai sifatida ko‘rsatib berilgan.
Madaniyat, san’at, tarix va falsafa sohalarida tahliliy maqolalarni e’lon qilib kelayotgan nufuzli “SANATKıbrıs” nashri yozuvchilar, tadqiqotchilar va ijod ahli uchun platforma sifatida xizmat qiladi. Unda mahalliy va xalqaro mualliflarning fikrlari, tadqiqotlari va esselariga keng o‘rin beriladi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri