Eng bilimli o‘quvchilar sharaflanmoqda
Surxondaryo viloyatidagi tuman va shahar hokimlari umumta’lim maktablarini oltin, kumush medal bilan bitirgan hamda fan olimpiadalarida yuqori natijalarga erishgan va muddatidan oldin talaba bo‘lgan o‘quvchilar bilan uchrashmoqda. Ularni yutuqlari bilan tabriklab, esdalik sovg‘alarini topshirmoqda.
Boysun tumani hokimligida mutasaddi tashkilot va idoralar rahbarlari, o‘quvchilarning ustozlari va ota-onalari ishtirokida bo‘lib o‘tgan ana shunday tadbirda tuman hokimi Bahodir Shukurov a’lochi o‘g‘il-qizlarni maktabni muvaffaqiyatli tugatib, mustaqil hayotga yo‘llanma olgani bilan qutladi. Ularning kelgusidagi o‘qish va ishlariga omad tiladi.

Joriy yil tumandagi 62 ta umumta’lim maktabi va ixtisoslashtirilgan maktabni 1 ming 723 nafar bitiruvchi tugatdi. Ularning 204 nafari turli milliy va xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritib, muddatidan oldin talabalik baxtiga muyassar bo‘ldi. Olti nafar o‘quvchi oltin va 23 nafari kumush medal bilan taqdirlandi.

Tantanali tadbirda oltin va kumush medallar o‘z egalariga topshirildi. Shuningdek, xalqaro va respublika tanlovlari g‘oliblari, fan olimpiadalarida yuqori natijalarga erishgan, oliy ta’lim muassasalariga muddatidan oldin talabalikka tavsiya etilgan bitiruvchilar ham esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Viloyatda yakunlangan o‘quv yilida maktablarning 11-sinfini bitirgan 37 ming 790 o‘quvchining 325 nafari oltin va 86 nafari kumush medal bilan tugatdi. Uch yuzdan ortiq o‘g‘il-qiz muddatidan oldin o‘zlari tanlagan kasb bo‘yicha nufuzli oliy ta’lim muassasalari talabasi bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.
Viloyatning boshqa tumanlarida ham chuqur bilimga ega, izlanuvchan va iste’dodli bitiruvchi o‘quvchilar ulug‘lanib, ular erishgan yutuqlar munosib rag‘batlantirilmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri