Surxondaryoning turistik salohiyati Tokioda namoyish etilmoqda
Yaponiyaning Tokio shahrida bo‘lib o‘tayotgan “JATA Tourism Expo Japan” xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasida mamlakatimiz delegatsiyasi safida Surxondaryo viloyatining turizm sohasi vakillari ham faol ishtirok etmoqda.
Viloyat hokimi o‘rinbosari Jo‘rabek To‘rayev boshchiligidagi delegatsiya qadimiy va hamisha navqiron Surxon vohasining o‘tmishdan saqlanib qolgan noyob tarixiy obidalari, arxeologik yodgorliklari, maftunkor tabiat manzaralari, milliy hunarmandligi hamda gastronomik turistik salohiyatini keng namoyish etmoqda.


Sayyoramizning 97 mamlakatidan 2 mingdan ortiq turoperator va mehmonxona biznesi ishbilarmonlari ishtirok etayotgan ko‘rgazma doirasidagi uchrashuvlarda janubdagi voha vakillari xalqaro turistik kompaniyalar bilan o‘zaro sayyohlarni jalb qilish, turpaketlar, turistik yo‘nalishlar ishlab chiqish, jahonning ilg‘or turizm tajribalarini viloyatda ommalashtirish yuzasidan kelishuv tuzdi.


– Ko‘rgazma ishtirokchilarida, ayniqsa, o‘tmishdan saqlanib qolgan Dalvarzintepa, Fayoztepa, Qoratepa kabi budda yodgorliklari, Hakim Termiziy, Iso Termiziy singari islom olamining yetuk namoyondalari majmualari, Sangardak sharsharasi, Omonxona shifobaxsh bulog‘i, maftunkor tabiat manzaralari, milliy hunarmandchilik an’analari katta qiziqish uyg‘otdi, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari Jo‘rabek To‘rayev. – Muzokaralarda, shuningdek, viloyatning boy turistik salohiyatini jahonga tanitishga qaratilgan turli tadbirlar tashkil etish ham rejalashtirildi. Yaponiya Sayyohlik agentliklari assotsiatsiyasi (JATA) direktorlar kengashi raisi Hiroyuki Takahashi janoblari bilan kunchiqar davlatdan vohaga sayyohlarni jalb etish masalalarini atroflicha muhokama etdik.



Nufuzli ko‘rgazmada viloyat delegatsiyasi boy sayyohlik salohiyatga ega vohaning turistik imkoniyatlarini oshirishga xizmat qiladigan yigirmadan ortiq shartnoma imzoladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri