O‘zbekistonga 9 oyda 10,3 million nafardan ziyod turist tashrif buyurdi
Mamlakatimizga xorijdan kelayotgan sayyohlar oqimi o‘sishda davom etmoqda. 2026-yilning yanvar-sentabr oylarida mamlakatimizga turistik maqsadlarda 10,3 million nafardan ziyod chet el fuqarosi tashrif buyurdi.
Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,7 million nafarga yoki 20,4 foizga ko‘pdir.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyida O‘zbekistonga jami 10 306 786 nafar chet el fuqarosi turistik maqsadlarda kelgan.
O‘zbekistonga eng ko‘p sayyoh qaysi davlatlardan kelgan?
Turistlar oqimi bo‘yicha qo‘shni davlatlar yetakchilik qilmoqda. 2026-yil yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonga eng ko‘p tashrif buyurgan xorijiy fuqarolar quyidagi davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi:
1. Qirg‘iz Respublikasi — 2 844 201 nafar;
2. Qozog‘iston — 2 404 638 nafar;
3. Tojikiston — 2 274 288 nafar;
4. Rossiya — 983 407 nafar;
5. Afg‘oniston — 380 190 nafar;
6. Xitoy — 373 778 nafar;
7. Turkmaniston — 256 546 nafar;
8. Turkiya — 148 772 nafar;
9. Hindiston — 53 778 nafar;
10. Germaniya — 42 973 nafar.
Keltirilgan raqamlar O‘zbekistonga turistik maqsadlarda kelayotgan xorijiy fuqarolar soni ortib borayotganini ko‘rsatadi. Ayniqsa, Qirg‘iz Respublikasi, Qozog‘iston va Tojikistondan kelganlar umumiy ko‘rsatkichning salmoqli qismini tashkil etmoqda.
Turistlar oqimining o‘sishi mamlakatning sayyohlik salohiyatini namoyon etish, milliy madaniy merosni xalqaro miqyosda targ‘ib qilish va turizm bilan bog‘liq xizmatlar bozorini rivojlantirish uchun muhim ahamiyatga ega.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA