Deputatlikka nomzodlar ro‘yxatga olindi
Jizzax viloyati hududiy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida Xalq deputatlari viloyat hamda tuman, shahar Kengashlari deputatligiga ko‘rsatilgan nomzodlarni ro‘yxatga olish masalasi ko‘rib chiqildi.
Siyosiy partiyalardan Saylov kodeksiga muvofiq “E-saylov” tizimi orqali viloyat Kengashi deputatligiga ko‘rsatilgan 200 nafar nomzodning ism-sharifi o‘qildi. Hududiy saylov komissiyasi a’zolari tomonidan nomzodlar Saylov kodeksiga mos ravishda ko‘rsatilganligi atroflicha o‘rganib chiqildi.
Muhokamalardan so‘ng viloyat Kengashi deputatligiga nomzodlarni ro‘yxatga olish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Siyosiy partiyalar vakillari hududiy saylov komissiyasi a’zolarining barcha savollariga atroflicha javoblar berdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari