Veterinariya nazorati – oziq-ovqat xavfsizligi kafolati
Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, epizootik barqarorlikni saqlash hamda tashqi iqtisodiy faoliyat jarayonlarini qonuniy tartibga solishga qaratilgan chora-tadbirlar izchil davom ettirilib, xususan, joriy yilning uchinchi choragi — iyul va sentabr oylari mobaynida respublika hududiga go‘sht hamda yirik va mayda shoxli qoramollarni olib kirish yuzasidan qat’iy veterinariya nazorati olib borildi.
Qayd etilishicha, ushbu davrda O‘zbekiston hududiga mazkur mahsulotlar va tirik hayvonlarni olib kirish uchun jami 2693 ta veterinariya ruxsatnomasi va sertifikati rasmiylashtirilgan bo‘lib, ularning 742 tasi veterinariya ruxsatnomasi, 1951 tasi esa tegishli veterinariya sertifikatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Shu bilan birga, hujjatlarning turlar kesimidagi taqsimotiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, yirik va mayda shoxli hayvonlar uchun 437 ta ruxsatnoma, go‘sht mahsulotlari uchun 305 ta veterinariya ruxsatnomasi, shuningdek, hayvonlar uchun 373 ta sertifikat va go‘sht uchun 1 ming 578 ta veterinariya sertifikati berilganini ko‘rish mumkin. Mutasaddi idoralar tomonidan tadbirkorlar va fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash jarayonida shaffoflik to‘laqonli ta’minlanib, xususan, veterinariya ruxsatnomasini olish bo‘yicha kelib tushgan 815 ta arizaning 742 tasi ijobiy hal etilib rasmiylashtirilgan. 73 tasi qo‘shimcha ma’lumotlarni qayta ishlash uchun yuborilgan.
Bundan tashqari, mutaxassislarning eslatishicha, mazkur hujjatlarning har biri o‘ziga xos muhim vazifani bajaradi, chunki veterinariya ruxsatnomasi hayvonlar, ularning mahsulotlari yoki xomashyosini mamlakat hududiga olib kirish yoxud olib chiqish uchun beriladigan oldindan olinadigan rasmiy ruxsat hisoblansa, veterinariya sertifikati mahsulotning veterinariya-sanitariya jihatdan to‘liq xavfsiz ekanini tasdiqlab, uni tashish va eksport qilishda majburiy hisoblanadi. Shu sababli, mazkur hujjatlarning o‘z vaqtida va talablar asosida berilishi natijasida hayvonlar orasida o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarning respublika hududiga kirib kelishining qat’iy oldi olinadi, aholi iste’mol qiladigan go‘sht va boshqa hayvon mahsulotlarining yuqori darajadagi xavfsizligi ta’minlanadi, import va eksport jarayonlarida xalqaro veterinariya standartlari hamda talablariga qat’iy rioya etilishi kafolatlanadi hamda mahsulotlarning ichki va tashqi bozorlarda erkin hamda qonuniy harakatlanishi uchun mustahkam huquqiy asos yaratiladi.
***
Shuningdek, chorva mollarini identifikatsiya qilish va ularni yagona elektron bazaga kiritish ishlari jadal davom ettirilib, xususan, Farg‘ona viloyatning barcha tumanlarida o‘tkazilgan targ‘ibot hamda amaliy tadbirlar natijasida bugungi kunga qadar jami 23 ming 940 ta xonadonda bo‘linib, 322 ming 979 bosh hayvon qamrab olindi va tegishli tartibda identifikatsiya qilindi.
Mazkur jarayonda hayvonlarga maxsus birkalar taqilib, ularning kelib chiqishi, egasi hamda veterinariya tarixi haqidagi barcha ma’lumotlar yagona elektron bazaga to‘liq kiritilmoqda. Bu, o‘z navbatida, har bir chorva molini alohida hisobga olish vaqtida qulaylik yaratadi. Bundan tashqari, ushbu tizim hayvonlar orasida yuqumli kasalliklar kelib chiqqan yoki aniqlangan taqdirda uning manbasini zudlik bilan aniqlash, kasallikning keng tarqalishining oldini olish hamda zarur veterinariya va profilaktika tadbirlarini o‘z vaqtida tashkil etishda ahamiyatga ega.
Shu bilan birga, ushbu chora-tadbirlar orqali chorva mollari harakatini to‘liq kuzatib borish, kelgusidagi emlash va boshqa veterinariya xizmatlarini aniq rejalashtirish hamda respublikada soha bo‘yicha ishonchli va shaffof ma’lumotlar bazasini shakllantirishga zamin yaratilmoqda.
Mohigul Qosimova,
O‘zA