“Pushkin” xiyobonida zamonaviy suvtushar bog‘ barpo etiladi
Yakkasaroy tumanidagi “Pushkin” xiyoboni hududida zamonaviy suvtushar bog‘ barpo etish bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.
Taqdimotda Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova «Pushkin» xiyobonida aholiga qulayliklar yaratish maqsadida bog‘ hududi zamonaviy dizaynda bo‘lishini ta’kidladi.

Shuningdek, ishtirokchilar bog‘ hududida olib boriladigan ishlarning loyihasi bilan tanishdi.
Bundan tashqari, Yakkasaroy tumanidagi Shota Rustaveli ko‘chasini 24/7 rejimida faoliyat yurituvchi gastronomik turizm ko‘chasiga aylantirish loyihasi to‘g‘risida ham ma’lumot berildi.

Xorijiy va mahalliy sayyohlar tashrif buyuradigan tun-u kun faoliyat ko‘rsatadigan savdo, ko‘ngilochar, gastronomik va turizm ko‘chasiga aylantirish, ushbu ko‘chadagi mavjud bino va inshootlarni zamonaviy qiyofaga keltirish, jumladan, qurilish-ta’mirlash, rekonstruksiya qilish va hududni obodonlashtirish rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, gastronomik turizm ko‘chasida velosipedlar uchun uzunligi 1,6 kilometrli maxsus yo‘lak, 40 dona zamonaviy o‘rindiq, imkoniyati cheklangan insonlar uchun 10 ta joyda maxsus panduslar o‘rnatiladi. Shu bilan birga, 1,5 kilometr maydonda yashil hudud barpo etiladi, avtobuslar uchun mavjud 6 ta bekat to‘liq zamonaviy rekonstruksiya qilinadi.

Hududda hojatxonalar tashkil etiladi. Shuningdek, hududdagi kesib o‘tuvchi yer osti yo‘laklarga imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun 4 dona pandus qoyiladi va 2 ta chorrahadagi yer osti yo‘laklari rekonstruksiya qilinadi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA